Olam va odam: barqaror uyg‘unlik sari
Inson Koinot va Yer bilan uyg‘unlikda yashasagina tabiat qonunlari buzilmaydi. Odamzotning suvga va yovvoyi hamda asl tabiatga nisbatan xo‘jasizlarcha munosabati hamda koinotga tinimsiz turli kosmik kemalarni uchirishi beiz ketmayapti. XXI asr – axborot va texnika shiddat bilan rivojlanayotgan tezkor zamon deymiz. Ana shu tezkor davrning barcha yangi kashfiyotlari ham insoniyatga foyda keltirayaptimi?
Samoga uchirilayotgan eng so‘nggi rusumdagi raketalar shundoq ham yemirilayotgan, yerni quyoshning halokatli nurlaridan asrayotgan ozon qatlamini yanada ilma-teshik qilmayotganiga kim kafolat beradi? Paxta yakkahokimligi sabab XX asrning eng katta yo‘qotishlaridan biriga aylangan Orol fojeasi nafaqat mintaqamiz ko‘ksidagi og‘riq, balki u Ona sayyoramizda yashayotgan har bir ongli va ziyoli insonni ham o‘yga toldirmoqda desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Insoniyat o‘z xatolari sabab global iqlim o‘zgarishlari, suv toshqini, Yer kurrasining ayrim mintaqalarida qish kunlarining haddan ziyod sovub ketishi va yozning o‘ta issiq kelishiga tabiat qonunlari qo‘pol buzilishi sabab bo‘lganini anglab yetmoqda.
Ona tabiatni asrash yuzasidan jahonda turli nufuzli tashkilotlar keng faoliyat olib bormoqda va ommani ogohlikka chorlamoqda. Shu maqsadda 1972 yilda BMTning Bosh assambleyasi tomonidan 5 iyun — Butunjahon atrof-muhitni muhofaza etish kuni deb e’lon qilingan edi. Har yili shu sanaga bag‘ishlab dunyoning turli davlatlarida umumbashariy ekologik muammolarni hal etish uchun nufuzli tashkilotlar tomonidan xalqaro anjumanlar o‘tkaziladi.
Mamlakatimizda ham ekologiyaning sofligiga va atrof-muhitni muhofaza etishga hukumatimiz katta e’tibor qaratmoqda. Yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi yurtimiz faunasi va florasini asrash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish yo‘lida keng qamrovli faoliyat olib bormoqda. Quyida biz ushbu Qo‘mita matbuot kotibi Xoniya Asilbekovaga o‘zimizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdik.
– Tabiatni muhofaza qilish davlat Qo‘mitasining faoliyatiga qaysi yo‘nalishlar kiradi?
– Istiqlolning dastlabki yillaridanoq mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. 1992 yil dekabrda mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Parlamenti — Oliy Majlisning birinchilardan bo‘lib qabul qilgan — «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonuni O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining huquqiy maqomiga asos bo‘luvchi asosiy hujjatlardan biri bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hamda ushbu qonun tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha qonunchilik bazasining shakllanishiga debocha bo‘ldi. Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga bo‘ysunadi. Bugungi kunda Qo‘mita respublikada tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha yagona siyosatni yuritib, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, atmosfera havosi, yer va suv resurslari, bioxilma-xillikni muhofaza qilish, atrof tabiiy muhit monitoringi, ekologik ta’lim, tarbiya, ekologik ekspertiza hamda ekologik sertifikatlashtirish kabi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini olib boradi.
– O‘zbekistonda nechta qo‘riqxona faoliyat yuritmoqda va bu maskanlarda qay turdagi nabotot va hayvonot olami muhofaza qilinmoqda?
– Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimi O‘zbekistonning biologik xilma-xilligini muhofaza etishda asosiy o‘rinni egallaydi. Respublikada muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining 2004 yildagi «Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida» gi Qonuni bilan tartibga solinadi. O‘zbekistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimiga 8 ta davlat qo‘riqxonasi, 1 ta Quyi Amudaryo biosfera rezervati, 2 ta milliy tabiat bog‘i, 9 ta buyurtmaxona va jonivorlarning noyob turlarini ko‘paytirish bo‘yicha respublika «Jayron» ekomarkazi kiradi. Yovvoyi tabiat qo‘ynida yo‘qolib borayotgan nabotot va hayvonot olamining ko‘plab hamda turfa turlarini muhofaza etish va asrashda ushbu hududlarning ahamiyati beqiyosdir.
– Joriy yilda mamlakatimizda aholining, ayniqsa yoshlarning ekologik bilimi, madaniyatini yuksaltirish borasida qanday yirik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Bugungi kunda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2011 yil 19 iyulda 20/2/305-sonli Qo‘shma qarori asosida tasdiqlangan Barqaror taraqqiyot maqsadlari uchun ta’limi Konsepsiyasi (BTT)muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. BTT bo‘yicha Idoralararo Muvofiqlashtiruvchi kengashning yig‘ilishlari doimiy ravishda o‘tkazilib, BTT tamoyillarining ta’lim jarayoniga tadbiq etish, bugungi kunda Konsepsiyaning amalga oshirish holati hamda kelgusidagi istiqbolli rejalar muhokama qilinmoqda.
Qo‘mita tomonidan aholi boxabarligini oshirishga qaratilgan yirik loyihalaridan biri — bu «Barqaror rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha aholi xabardorligini oshirish» loyihasi bo‘lib, uning doirasida yirik mediaturlar, matbuot anjumanlari, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Xususan, «O‘zbekiston bioxilma-xilligini muhofaza qilishda Ramsar suvli-botqoqli hududlarning o‘rni va istiqbollari» mavzusidagi matbuot anjumani, OAV vakillari uchun «MAXAM-CHIRCHIQ» OAJ korxonasiga mediatur, qolaversa, uch yildan buyon esa O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida ekologik haftaliklarni tashkil etib kelmoqda.
– Yurtimizda biologik xilma-xillikni asrash yuzasidan qanday chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda?
– Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi o‘zining barqaror rivojlanishi uchun biologik xilma-xillik resurslarini muhofaza qilish muhim ekanligini e’tirof etgan holda 1995 yilda Biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Xalqaro Konvensiyaga a’zo bo‘ldi. 1998 yil O‘zbekiston Respublikasining Bioxilma-xillikni saqlash Milliy Strategiyasi va Harakatlar rejasi ishlab chiqildi. So‘ngra bu reja O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 139-sonli Qarori bilan ma’qullandi.
Milliy strategiyaning asosiy maqsadi — mamlakat bioxilma-xillik resurslarini boshqarishning yagona bosh yo‘nalishi va rejalashtirish tuzilmasini shakllantirishni ta’minlashdan iborat.
Xususan, Dastur doirasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini takomillashtirish bo‘yicha Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi buyurtmasi asosida O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi ilmiy-tekshirish institutlari tomonidan bir qator ilmiy tadqiqotlar amalga oshirildi. Natijada «O‘zbekiston respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tizimini yaratish dasturi», shuningdek, ushbu sohada respublikadagi mavjud muhofaza etiladigan tabiiy hududlar faoliyatini takomillashtirish va muhofaza qilish maqsadida qo‘mita tomonidan bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Qo‘mita tomonidan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlashda keng jamoatchilikning e’tiborini jalb etish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun ko‘plab mediaturlar tashkil etildi. 2011-2012 yillarda bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha 10 dan ortiq mediaturlar tashkil etildi.
– Xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgan o‘simlik va hayvonlarning qaysi turlari Vatanimiz hududida uchraydi?
– Baliqlarning 3 turi, sudralib yuruvchilarning 4 turi, qushlarning 13 turi va sut emizuvchi hayvonlarning 14 turi xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgan. Jumladan, tibbiy zuluk, tengsiz alvonchi, prozerpina kapalaklari, Orol bahriysi, Sirdaryo kurakburuni, Amudaryo katta kurakburuni va Amudaryo kichik kurakburuni, Orol tikanagi baliqlari, kapcha ilon, jingalak saqoqushi, kichik qoravoy qushi, qiziltomoq g‘oz, uzun dumli suv burguti, tasqara, cho‘l bo‘ktargisi, katta olachipor burgut, qironqora, oq turna, to‘xta tuvaloq, bizg‘aldoq, yo‘rg‘a tuvaloq kabi qushlar, ko‘k sug‘ur, ilvirs (tog‘ qoploni), turkman quloni, Buxoro xonguli, jayron, morxo‘r, Buxoro qo‘yi, Qizilqum arxari kabi jonivorlar va o‘simliklar olamiga mansub 53 turdagi shifobaxsh giyohlar, buta va chalabutalar hamda noyob daraxtlar kiritilgan.
– Hozirda Qo‘mita qaysi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilmoqda va qanday loyihalarni amalga oshirmoqda?
– O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay, 1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zosi bo‘ldi va uning bir qator dasturlari hamda maxsus tashkilotlari bilan hamkorlik qila boshladi. Jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining atrof-muhit dasturi (YUNYeP), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YeIK) va Tinch okeani va Osiyo mintaqasi uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) shuningdek, Yaponiya va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi, Global ekologik fondi, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorligi tashkiloti hamda qator xalqaro konvensiyalar kotibiyatlari bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Shuningdek, xalqaro konvensiyalarni amalga oshirish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, «Ustyurt platosida O‘zbekistonning neft va gaz tarmog‘iga bioxilma-xillikni saqlab qolish tamoyillarini integrallashtirish», «Qo‘riqxonalar misolida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar milliy tizimi barqarorligini ta’minlash», «2011-2020 yillarda O‘zbekistonda biologik xilma-xillik to‘g‘risidagi Konvensiyaning strategik rejasini amalga oshirish uchun bioxilma-xillik sohasida milliy rejalashtirish» va hokazo.
– Ekologik noqulay hududlarda atrof-muhit muhofazasi uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
– Mamlakatimizda ekologik jihatdan noqulay hudud Orol dengizining qurishi bilan yuzaga keldi. Orol dengizini Markaziy Osiyoning ikki katta daryosi – Amudaryo va Sirdaryo to‘yintiradi. Sobiq Ittifoq davrida paxta dalalarini kengaytirish irrigatsiya uchun ikkala daryoning suvlaridan keng miqyosda foydalanishni taqozo etdi. Suvdan isrofgarchilik bilan foydalanish natijasida dengizga kam hajmda suv keldi. Natijada u quriy boshladi. O‘tgan asrning 90-yillari oxiriga kelib dengiz o‘z hajmining 90 foizini yo‘qotdi.
O‘z vaqtida dunyoda ichki dengizlar orasida kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turgan Orol dengizining qurishi atrof mintaqa iqlimi va bioxilma-xilligi uchun uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib keldi. Cho‘l shamollari qum va tuzni katta masofalarga uchirdi, havzaning butun hududi maydonlarida millionlab tonna (ko‘pincha ifloslangan) tuz to‘plandi, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bu dengizdan ancha uzoqdagi tog‘li tizmalar muzliklariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Drenaj tizimlari yetarli emasligi tufayli tuproq va suvning botqoqlashishi va sho‘rlanishi ro‘y beradi. Mintaqada ekologik vaziyat yomonlashishi bir vaqtlar aholi zich yashaydigan, misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (O‘zbekiston) va Qizil O‘rda viloyatini (Qozog‘iston) yashash uchun ekologik jihatdan noqulay yerlarga aylantirdi.
Atrof-muhitni muhofazasi uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida ifloslantiruvchi manbalarning holati va atrof muhitga ta’siri monitoringi domio o‘tkaziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitalari analitik nazoratga ixtisoslashgan inspeksiyalari (ANII) tomonidan nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika Kengashi bilan kelishilgan korxonalar ro‘yxatiga kiritilgan atrof tabiiy muhitga ifloslantiruvchi (eng xavfli) moddalarni chiqaruvchi asosiy manbalarning ekologik holati muntazam maxsus asboblar yordamida tekshiriladi. Bu kabi chora-tadbirlar atrof-muhitning ifloslanishining oldini oladi.
Ko‘pgina xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Orol dengizining qurishini oldini olish maqsadida suv havzasining qurigan qismiga o‘rmon himoya daraxtlari urug‘i va ko‘chatlari bir necha yildan beri ekilmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, ona tabiatni asrab-avaylash insoniyatni tanazzuldan asraydi. Chunki, borliqda barcha jonli mavjudot va jonsiz tog‘u tosh hamda tiriklik manbai – suv o‘zaro bog‘liqlikda mavjud. Atrof-muhitni muhofaza etish esa har birimizning insoniy burchimizdir.
Gulchehra ShIRINOVA suhbatlashdi