Harakatlar strategiyasi va tashqi siyosat
Poytaxtimizda 22 sentyabr kuni “O‘zbekistonning Harakatlar strategiyasi doirasidagi tashqi siyosiy faoliyati” mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz parlamenti a’zolari, vazirlik va idoralar, xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari, AQSH, Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Belgiya, Fransiya, Xitoy, Rossiya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston kabi davlatlardan ekspertlar ishtirok etdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori A.Jumanov, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari A.Nosirov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov, Taraqqiyot strategiyasi markazi ijrochi direktori A.Burhonov va boshqalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizda islohotlar samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg‘un va jadal rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish, barcha sohalarni modernizatsiya qilish va erkinlashtirishdek maqsadlarga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tgan Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq. Uning barcha yo‘nalishlari, avvalambor, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratish, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada oshirish, tinchlik va barqarorlik, xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Ushbu vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘liq javob beradigan mamlakatimiz tashqi siyosati konsepsiyasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan yangi bosqichda davom ettirilayotganining yaqqol dalilidir.
Bugungi kunda O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan olib borayotgan ochiq, konstruktiv, o‘zaro manfaatli tashqi siyosati Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari o‘tgan davrda Turkmaniston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy, Qirg‘izistonga amalga oshirgan davlat tashriflari mamlakatimiz tashqi siyosatida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlariga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy isbotidir. Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, o‘tgan qisqa vaqt mobaynida mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratishga erishildi.
Mazkur davlat tashriflari mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Ushbu tashriflar tafsilotlari nafaqat siyosiy doiralarda, balki jamoatchilik va ekspertlar orasida keng muhokama qilindi. Bularning barchasi mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lida izchil siyosat olib borayotganidan dalolatdir.
– Harakatlar strategiyasi O‘zbekistonda davlat va jamiyatni har tomonlama jadal rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi, Umumpartiya parlament guruhining O‘zbekiston bo‘yicha raisi o‘rinbosari Muhammad Iltaf Shayx. – Mazkur Strategiyada ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlar hisobga olingan, mamlakatingiz taraqqiyotining barcha sohalari istiqboli chuqur ifoda etilgan. Bu boradagi islohotlarning amalga oshirilishi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishda muhim poydevor bo‘lishi shubhasizdir.
Anjuman sho‘balaridagi muzokaralarda milliy taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqish va hayotga tatbiq etishda xalqaro tajriba puxta o‘rganilgani, O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlari ochiq, konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikka asoslangani qayd etildi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, mazkur strategik maqsadlar mamlakatning xalqaro maydonda o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarini to‘la amalga oshirishida katta imkoniyatlar taqdim etadi.
– O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni muntazam kuzatib boramiz, – deydi Lunda universiteti professori Matias Bayer (Shvetsiya). – Ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatingizdagi huquqiy islohotlar davlat dasturlari va qonunlarni qabul qilish bilan cheklanib qolmasdan, ularni hayotga izchil tatbiq etishda katta sa’y-harakat olib borilishini ko‘rsatmoqda. Harakatlar strategiyasida jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan barcha sohalar qamrab olingani O‘zbekistonning kelgusida ulkan muvaffaqiyatlarga erishishidan dalolat beradi.
Davra suhbatida mamlakatimiz tashqi siyosatining asosiy tamoyillari, qo‘shni davlatlar, mintaqalararo strategik sheriklar bilan do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy munosabatlarni ta’minlashga xizmat qiluvchi davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish kabi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashildi.
Matnazar Elmurodov,
O‘zA