Osiyo o‘yinlari qizg‘in pallaga kirdi
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida V Yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda.
Balandlikka sakrash sektorida Nadiya Dusanova eng yaxshi natija bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Sportchimiz 1.86 natijani qayd etdi va oltin medal sohibiga aylandi. Yana bir hamyurtimiz Safina Sa’dullayeva esa kumush medal bilan taqdirlandi.
Taekvondo bo‘yicha 73 kilogrammgacha bo‘lgan xotin-qizlar bahsida Svetlana Osipova iordaniyalik Kasem Vaad Tarman, hindistonlik Aishvarya Ravade, filippinlik Kristi Alorani mag‘lubiyatga uchratib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Final uchrashuvida Svetlana Janubiy koreyalik Mina Myongga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va kumush medal bilan taqdirlandi. 53 kilogrammgacha bo‘lgan taekvondochilar bahsida Dinoraxon Mamadibragimova terma jamoamiz hisobiga bronza medal qo‘shdi.
Futzal bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi ikkinchi uchrashuvda Maldiv terma jamoasini 9: 1 hisobida yengib, navbatdagi bosqichda Afg‘oniston terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazadigan bo‘ldi. Basketbol (3x3) bahslarida terma jamoamiz a’zolari Nepal vakillarini 18: 16 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida O‘zbekiston sport delegatsiyasi 3 ta oltin, 9 ta kumush, 31 ta bronza jami 43 ta medal bilan oltinchi o‘rinni egallab turibdi.
T. ORTIQOVA