“O‘zbekiston yosh fermerlari Kengashi” tashkil etildi
O‘zbekistonda yosh fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yosh fermerlari Kengashi” tashkil etildi.
Bu haqida tashkilotning Adliya vazirligidan faoliyati uchun tegishli guvohnomani olgani haqida kengashning ma’sul vakili Ilyos Safarov xabar berdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 5847 nafar yosh fermerlar faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, ular 200753 gektar yer maydoniga ega. 1158 nafar yosh fermerlar ko‘p tarmoqli maqomiga egadir.
Afsuski, bu ko‘rsatkich respublikamizdagi jami fermer xo‘jaliklarining atigi uch foizdan ko‘proqni tashkil etadi.
Yangi tashkilot o‘z oldiga faoliyatida fermerlik faoliyatini keng targ‘ib qilish va rivojlantirish, yoshlar ayniqsa, uyushmagan yoshlarni fermerlik harakatiga keng jalb etish, yosh fermerlarni qo‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirishda ko‘maklashish, shuningdek, yosh fermerlar faoliyatida duch kelinayotgan muammolar va masalalarni birgalikda hal etish, xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganib yosh fermerlar faoliyatiga joriy qilishda amaliy yordamlar ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Shuningdek, yosh fermerlarni xorijiy ilg‘or tajribalar bilan tanishtirish va ilg‘or tajribalarni yosh fermerlar faoliyatiga joriy qilish bo‘yicha xalqaro ko‘rgazmalarda yosh fermerlarimizning ishtirokini ta’minlashga ham ushbu Kengashning alohida e’tiborida bo‘ladi.
Kengash raisi Soatmurod Qulmirzayevning ta’kidlashicha, 2018 yil hosili uchun boshoqli donni sifatli ekish va hosil olish, to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini ekish va uni parvarishlab, yuqori hosil olishda yosh fermerlar faollik ko‘rsatadi.
Shuningdek, Kengash tomonidan “Yoshlar teleradiokanali” bilan “Muvaffaqiyat kaliti” tele loyihasi hamda “Yosh fermerlar maktabi” radio loyihalari ham tashkil etildi.
Yosh fermerlarga huquqiy, iqtisodiy va agrotexnik ko‘mak berishni tashkil etish maqsadida tumanlarda “Yosh fermerlar muloqot klubi”ni tashkil etish, shuningdek O‘zbekiston fermerlari Kengashi bilan hamkorlikda“Fermer konsultant” konsalting markazlar tarmog‘ini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Xurshida HUSENOVA