Muxbirning dam olish kuni: mehrning uvoli bo‘ladimi?
Birinchi kun voqeasi:
Har bir xizmatdagi odam borki, dam olish kunini intiqlik bilan kutadi. Ammo ba’zan o‘ylagan rejangiz qolib, beixtiyor boshqa ishlar bilan andarmon bo‘lib qolishingiz ham mumkin ekan. Shu yilning 26 avgust kuni Qo‘yliq-5 dahasida joylashgan “7-ya market” supermarketiga ertalab soat 8-00 da non olish uchun chiqqan edim. Biroq, non yo‘q sababli, nonvoyxona tomonga yo‘naldim.
Yo‘l-yo‘lakay ozib-to‘zib ketgan, ko‘rinishidan oltmish yoshlar atrofidagi erkakka ko‘zim tushdi. U yalang‘och tanasiga kir-chir, eski kostyum kiyib olgan, oyoqyalang, qo‘l va oyoq tirnoqlari o‘sib ketgan, shuningdek, soch-soqoli ham qarovsiz, juda aftodahol edi. Undan ko‘ngilni aynitar darajada badbo‘y hid kelib turardi. Shuning uchunmi, yo‘lovchilar undan ijirg‘anib, sayoq kishini chetlab o‘tishga harakat qilishardi. Negadir u turishga urinmas, Tizzasini quchoqlab o‘tirardi. O‘tgan-ketganga qo‘l cho‘zib, nimalardir deb g‘udranib qo‘yardi. Men ham uni chetlab o‘tishga qaror qilarkanman, ko‘zim daydi bu odamning shishgan oyoqlariga tushdi. Uning oyoqlari tarang shishib, terisi yara-chaqa bo‘lib ketgan, shikastlangan joylaridan esa qon aralash oqish suyuqlik sizib chiqardi.
Yuragim uvishib ketdi. Yurolmayotganining asl sababi, mana, nimada ekan.
Novvoyxonadan non olib, ortimga qaytdim. Yo‘ldagi do‘kondan xona haroratida turgan gazsiz mineral suv sotib oldim. Tibbiyot kollejiga buriladigan yo‘ldagi “Madaniyat” mahallasining nomi yozilgan ramziy darvoza tomonda farrosh Maryamxonning o‘g‘liga ko‘zim tushdi. Unga sizdan bir iltimosim bor, mana bu non bilan suvni hov, yo‘lakdagi odamga eltib bering, deya uzoqdan unga bemor erkakni ko‘rsatdim. U ham “ha, bechora kishi ekan-a” deya rahmi kelib oldinga yurdi. Bolakay xasta erkakning oldiga borib narsalarni uning qo‘liga tutqazdi. U suvni icha turib menga uzoqdan bosh silkib qo‘ydi. Maryamxonning o‘g‘liga qarab, “rahmat, o‘g‘lim savob ish qildingiz”, dedim.
Uyga qaytib, o‘z ishlarim bilan band bo‘ldim. Tushdan so‘ng jiyanim Oysha bilan hududdagi bozorchaga xarid qilgani chiqdik. Mayda-chuyda ko‘tarib kelayotib, yana ertalabki yo‘ldan ortga qaytdik. Jiyanim yo‘lakchadan to‘g‘ri ketayotgan edi. Unga qarata “Oysha, ana u kishidan uzoqroq aylanib o‘t”, dedim. O‘zim ham mumkin qadar unga qaramaslikka harakat qilib, daydi odamdan ancha beriroqdan o‘ta boshladim. Ko‘z qirim bilan xastaga nazar soldim. U yurolmasada biroz beriroqqa sudralib, siljib kelibdi.
Ikkinchi kun voqeasi:
“Tez tibbiy yordam” mashinasida yetti soat yo‘l kezganim haqida
Yakshanba kuni uy ishlari bilan band bo‘lib kun yarimlab qolgannini ham sezmabman. Bir oz mizg‘ib oldim. Qarasam soat 15 05. Qurbon hayiti arafasida “Abu Saxiy” bozoriga borgim keldi. Keyin bugun singlim uyiga kechki dasturxonga taklif etgani ham yodimga tushdi.
Qo‘l telefonimga to‘lov qilish maqsadida “UMS” kompaniyasi shoxobchasi tomon yura boshladim. So‘ng bir daraxt tagida uning yechib tashlangan kostyumini ko‘rdim. Yana yurishda davom etdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, u quyosh tig‘ida o‘zini o‘nglolmay yotardi. Tuproqqa yumalab-yumalab harakat qilgan shekilli a’zoi-badani tuproq bilan bir tusda edi. Qo‘lidan tortib turg‘azay desam, to‘g‘risi jirkandim. Do‘konchaga kirib, ikki baklajka gazsiz iliq suv, yarim kilo pryanik, ikki dona arzon narxdagi hojatxona qog‘ozi sotib oldim. Yo‘l-yo‘lakay baklajkalarning og‘zini ochib, bittasini bemorga uzatdim. Sayoq odam yotgan joyida boshini biroz ko‘tarib, suvni ichib qo‘ydi. Undan “kak vas zovut” deb, so‘radim. Daydi menga qarab “Rinat”, deb javob berdi. “Dyadya Rinat yesh’yo xotite pit vodu”, dedim. “Da”, dedi u. Ikkinchi baklajkani ham unga berdim. Bir amallab, ammo u yutoqib idishni bo‘shatdi. Keyin Rinat amakiga “bu ham sizga, yeb oling” deya selofan paketchaning og‘zini ochib, unga yaqinroq surib qo‘ydim. U yotgan joyida uzala tushib, shirinlikni yeya boshladi.
Uyga kelib qo‘l telefonimni oldim. U quvvatga to‘lgan ekan. So‘ngra “7-ya market” supermarketi yonidagi bekatga chiqayotib, yo‘ldan bir uzunroq tayoqni ham oldim. Rinat amakining yoniga kelib, unga cho‘pni uzatdim. U bir amallab, qaddini tiklab, cho‘nqayib o‘tirib oldi. Keyin ko‘nglim xotirjam tortib, yo‘l chetiga o‘tib yo‘nalishli mikroavtobusni kuta boshladim. Ammo negadir ortimga qarab, u sudralib kelgan yo‘lakchaga ko‘zim tushdi. Yo‘l bo‘yi peshob izlari ko‘rindi. Renatni bosh-oyoq kuzata turib shimi tushib ketmasligi uchun chandib, ip bilan qattiq bog‘langanini ko‘rdim. Sayoqning qo‘llari qaltirar, qo‘lidagi shirinlikni ham zo‘rg‘a yeyayotgan edi.
“Xudoyim shunday qilib qo‘ymaganingga shukr”, deya ichimda o‘yladim. Keyin unga rahmim keldi. Men bu odamga yordam berishga qaror qildim. “103”-“Shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga”ga qo‘ng‘iroq qilganimda soat 15 52 edi. Operatorga vaziyatni qisqagina tushuntirdim. U hozir chaqiriqlar ko‘pligini aytdi. Yana bir necha bor telefon qilib, operator bilan bog‘lanib turdim. Hatto, uning “90” raqami ostida chaqiriqni qabul qilganini bilib oldim. Oradan 20-25 daqiqa o‘tib, supermarket tomonidan yoniga “10-oilaviy poliklinika” deb yozilgan “103” mashinasi ko‘rindi. Yo‘l chetida mashinalar to‘xtab turganligi uchun tibbiyot xodimlari meni ko‘rmay qolmasin, deya ular tomon yura boshladim. Salom-alikdan keyin shifokorga bemor yotgan tomonni ko‘rsatdim. Ammo o‘zini Abrorjon deya tanishtirgan, qorachadan kelgan, barvasta shifokor yigit “biz “777” do‘koni ichida xasta yurak xuruji bilan yotibdi, degan xabar oldik”, dedi. So‘ngra tibbiy yordam mashinasi burilib, ketishga chog‘landi. Men dastlab “103” shoshilinch tibbiy xizmatiga telefon qilganimda operatorning so‘zini anglamay qolgan edim. Yana qo‘ng‘iroq qilganimda dispetcher “90” raqami ostida chaqiriqni qabul qilib olganligini so‘rab olgan edim. Shuning uchun shifokor yigitdan “Sizlarga dispetcher “90-chaqiriq deb xabar qildimi”, deb so‘radim. U kattagina daftarini ochib “Yo‘q, bizga” “85”dan xabar berildi”, dedi . Keyin Abrorjon “bizni boshqa manzilda kutishayapti” deb aytdi. “Shoshilinch tibbiy yordam” brigadasi ketib qoldi. Men hayron bo‘ldim va operatorga telefon qildim. Oradan yana shuncha vaqt o‘tdi. Uzoqdan mashinaning teparoq qismiga “Toshkent” yozuvi yozilgan “103”ko‘rindi. “Men bu yoqdaman” deb ularga qo‘limni ko‘tarishimga qaramay, ular yo‘lning qarama-qarshi tomonidan “g‘izillab” o‘tib ketishdi. Yana operatorga telefon qildim. O‘zini har gal “1-” deb tanishtiradigan dispetcher ayol muloyimlik bilan “kuting, Sergeli tumanining “Shoshilinch tibbiy yordam” mashinasi yo‘lga chiqdi”, deb xabar berdi. Yana oradan 20-25 daqiqalar o‘tib, birinchi kelgan “103” mashinasi qaytib keldi.
Shifokor yigit menga qarab “ha, siz chaqirgan ekansiz opa. Ammo bizga boshqa tashxisni aytishdi”, dedi. Keyin u mashinadan tushib, hamshira bilan qo‘liga bittadan tibbiy qo‘lqop kiyib, daydi erkakning oldiga keldi. So‘ngra u bilan savol-javob qila boshladi. Endi mening vazifam tugaganiga xursand bo‘lib, bozorga borishdan umidimni uzib, ketishga chog‘landim. Abrorjon menga yuzlanib “opa, siz kim bo‘lasiz?”, dedi. “Men bir yo‘lovchiman, xolos” deb unga javob berdim. “Endi siz ham biz bilan birga guvoh sifatida “uchastkavoy”ning oldiga borasiz”, dedi. Chunki, bu odamning shaxsini aniqlash zarur ekan.
Ana shunday qilib mening shifokorlar bilan soat kunduzgi 16 00 dan to kechki 23 00 gacha bo‘lgan “majburiy-ixtiyoriy”sarguzashtim boshlandi.
Daydi odam o‘zini Rinat Mitxatovich Kazakov deb tanishtirdi. U 1960 yilda tug‘ilgan ekan. Ammo yoshiga nisbatan ancha qari ko‘rinar edi. Renatni olib Qo‘yliq-5 daha hududiga xizmat qiluvchi uchastka profilaktika noziri oldiga bordik. Militsioner yigitdan ismini so‘radim. Asli ismi Quvonchbek ekan. Bu yigit hududimizga yaqinda ishga kelganligini aytdi. Sayoqning yashash manzilini so‘rab olgan Abrorjon (u bir paytlar Qo‘yliq-3 daha, 34-uy 71-kvartirada ro‘yxatda turgan ekan), Rinat Kazakovning kvartirasini singlisi sotib yuborganligi va hozirda bu uyda ijarachilar yashashini aniqladi.
Keyin Quvonchbek bu masala bilan shug‘ullanishga vaqti yo‘qligini va hozir shoshib turganligini, ya’ni uni zudlik bilan boshliqlari chaqirayotganini bizga aytdi. Ammo biz ham bo‘sh kelmadik. Ayniqsa, Abrorjon “Endi bu insoning keyingi taqdiri nima bo‘ladi” deb masalani ko‘ndalang qo‘ydi. Qisqasi, militsioner Mirobod tumani IIBga telefon qilib, Qo‘yliq-3 dahada xizmat qiluvchi Sherzodbek ismli militsionerning telefonini topdi. Undan mahalla raisi Nabi aka, mahalla maslahatchisi Madina opa ekanligini aniqlab berdi. Keyin shifokor militsionerga “Rinat amaki birinchi tez tibbiy yordamga ayni damda muhtoj emas. Men uning yara-chaqalarini tozalab, shifokor sifatida qo‘limdan kelgan yordamni ko‘rsataman. Ammo, u sog‘lom turmush tarziga amal qilsa va boshpanali bo‘lsa o‘zini tiklab ketadi. Uni faqat kuchli quvvatsizlik bezovta qilayapti”, dedi. Militsioner “Hozir men nima qilishim kerak?”, dedi Abrorjonga.
“Uning singlisini topib, Rinat amakini topshirib ketaylik”, dedi shifokor. “Janob daydi” yashagan sobiq mahalladagi mas’ullar uni haqiqatdan ham ularning hududida yashaganligini telefon orqali tasdiqlashdi. Madina opa ayni damda to‘yda ekanligini va boraolmasligini ta’kidladi. Nabi akaning ham “ishlari chiqib qolibdi”. Xullas, hammaning o‘z tashvishi bor ekan.
Sayoq kishini olib, “Shoshilinch tibbiy yordam” brigadasi yana yo‘lga tushdi. Bu safar uni Respublika Shoshilinch yordam ilmiy markazi qabulxonasiga olib keldik. Sababi, Quvonchbek oldin fuqaro Rinat Kazakovni sog‘lig‘i haqida ma’lumotnoma kerakligini, keyin uni olib qolishi mumkinligini bizga tushuntirdi.
Biz ham sayoq kishini “eson-omon egasiga topshirib, to‘g‘risi juftakni rostlashni orzu qilib qoldik”. Bemor shaxsni Abrorjon navbatchi jarroh Ravshan aka Madiyev ko‘rigidan o‘tkazdi. Uni sanitarka ayollar qo‘llariga tibbiy qo‘lqop kiyib, cho‘miltirib qo‘yishdi. Endi unga birorta shu yerda kiyiladigan tibbiyot xodimlarining maxsus yaktagi va shalvorini berishsa kerak, deb o‘yladim. Ammo Ravshan aka hammani lol qoldirib kostyum-shimi va ozgina ohori to‘kilgan ko‘ylagini olib chiqib berdi. Ravshan Zoirovich ochiq chehrali, samimiy inson ekan. U Rinat amakiga qarab kulib qo‘ydi. “Bu kishi ochilib ketibdi. Endi bitta kelin topib, uni uylantirib qo‘yamiz”, dedi. Keyin uni bog‘lov xonasiga olib borib, navbatchi shifokorlar yara-chaqalarini maxsus dori vositalari bilan yuvib, oyoqlarini toza steril bint bilan bog‘lab qo‘yishdi. Kechagina tuproqqa qorishib yotgan, bir jonzotday qarovsiz odam o‘zini chin insonday his qilib, xuddiki yerdagi jannatga tushib qolganday, savobtalab kishilar davrasida “og‘zi qulog‘iga yetib”, xursand o‘tirardi.
Yana uni olib, yo‘lga tushishdan oldin militsioner Quvonchbekka telefon qildik. Biroq, u telefonini ko‘tarmadi. Yana telefon qildik. Bu safar telefon band edi. Keyingi gal militsioner telefonni oldi va “Siz kimsiz” deb mendan so‘radi. “Men Gulchehra opangiz bo‘laman” deyishimni bilaman “tanimadim” deb aloqani uzdi. Keyin u bilan bog‘lanishdan umidimizni uzib, Sergeli tumani IIBga bordik. Navbatchi militsionerlarga vaziyatni tushintirdik. Ammo, ular Rinat Kazakovni bu yerda olib qola olmasliklarini aytishdi. Chunki, bu holat ularning xizmat vakolatlariga kirmas ekan. So‘ngra mayor Ibrohim Jo‘rayev chiqib, bizdan nima gapligini so‘radi. U kishiga ham Abrorjon voqeani qisqacha aytib berdi. Biroq, mayor Jo‘rayev uchastka profilaktika noziriga murojaat qilishimiz kerakligini tushuntirdi. Abrorjon biroz qizishib “xodimingiz telefonni ko‘tarmayapti”, dedi. Keyin shifokor shu choqqacha uni va tibbiy brigadani qidirib, vaziyatdan boxabar bo‘lib turgan o‘zining boshlig‘iga telefon qildi. Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sergeli tumaniga qarashli 8-podstansiyasi mutasaddisi mayor Ibrohim Jo‘rayev bilan telefon orqali bog‘landi shekilli, bir pastda Quvonchbek ham topila qoldi.
“Qo‘yliq-5 dahadagi GOM ga boringlar, sizlarni Soipov kutib oladi”, dedi bizga mayor. Ancha sarsonu sargardonlik va asabbuzarliklardan so‘ng yana “Qaydasan, Qo‘yliq-5 daha,”deb yo‘lga tushdik. Bu orada sayoq kishi “Ya cheti’ri dnya nichego yel. Kushit xochu.”, deb g‘o‘ldirab qo‘yar edi. Gapning indallosi shifokor Abrorjon, shofyor Ikrom amaki va hamshira Ziyodaxon hamda men “gala bekorchilar” eson-omongina bir daydini GOM ga topshirdik.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazidagi tajribali bir shifokorning aytishicha joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida bu yerga 80 nafar shunday daydilarni keltirishgan ekan. Bechora shifokorlar ularni yuvintirib-tarantirib, joiz bo‘lsa keyintirib hatto, ulardan kimdir o‘lsa 100 kilometr uzoqqa olib borib, o‘z hisoblaridan ko‘mdirib ham kelishar ekan.
Gulchehra ShIRINOVA