Alisher Shodmonov: O‘zbekistonda sil kasalliklarini davolash samaradorligi 87 foizni tashkil etdi
Budapesht shahrida bo‘lib o‘tayotgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa mintaqaviy byurosining 67-sessiyasida 53 ta a’zo davlatlar qatorida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda, deb xabar beradi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Mazkur sessiyada JSSTning 2019—2023 yillarga mo‘ljallangan umumiy ish dasturi, “Salomatlik-2020” siyosatini amalga oshirish, Yevropa mintaqaviy byurosiga a’zo davlatlar o‘rtasida dori-darmon ta’minoti bilan bog‘liq aloqalarni yaxshilash kabi dolzarb mavzularda muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda.
JSST Yevropa mintaqaviy byurosining 67-sessiyasida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ham ma’ruza qildi.
Alisher Shodmonov o‘z nutqida “Salomatlik — 2020” siyosatini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston tibbiyotida olib borilayotgan islohotlar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi.
“2012 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining 53 ta a’zo davlati qatorida O‘zbekiston ham ‘Salomatlik — 2020’ strategiyasini qo‘llab-quvvatlagan edi. Ayni damda uning mavjud to‘rt ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar olib bormoqda”, — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov.
Aytish o‘rinliki, O‘zbekistonda ushbu xalqaro anjumanda muhokama etilayotgan dolzarb masalalardan biri sil kasalliklarini davolash bo‘yicha yuqori natijalar qayd etilmoqda. Xususan, sil kasalliklarini davolash samaradorligi bugun 87 foizga yetkazildi.
“Dunyoda ushbu ko‘rsatkich 85 foiz ekanini inobatga olsak, natija ko‘lami yanada yaxshiroq anglashiladi”, — deyiladi xabarda.
JSST ma’lumotiga ko‘ra, silga qarshi olib borilgan tadbirlarning natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ftiziatriya xizmatining Yevropa hududidagi 53 mamlakat orasida kuchli uchtalikdan o‘rin oldi.