Ona suti tarkibidagi qand moddasi bakteriyalarni o‘ldiradi
Ona suti go‘dakni turli kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalardan himoya qilishi fanga ma’lum. Hozirgacha olimlar ona sutining antibakterial xususiyatlarini o‘rganish uchun asosan oqsillar ustida ish olib borishayotgan edi.
Vanderbilt universitetida kimyogar va shifokorlar hamkorligida o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, sut tarkibidagi uglevodlar antibakterial oqsillar samaradorligini oshirar ekan. Ushbu tadqiqotga rahbarlik qilgan dotsent Stiven Taunsendning aytishicha, bu ona suti tarkibidagi uglevodlarning mikroblarga qarshi faolligini isbotlovchi dastlabki misoldir. E’tiborlisi, bu uglevodlar ko‘plab atibiotiklardan farqli o‘laroq, toksik ya’ni, zaharli emas.
Joriy yilning 20 avgust kuni Amerika kimyo jamiyatida tadqiqot natijalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, mazkur ilmiy yangilikka bag‘ishlangan maqola iyun oyida “ACS infectious Diseases” jurnalida chop etildi.