“Tabiat bolalar nigohida” nomli rasmlar ko‘rgazmasi ochildi
O‘zbekiston davlat tabiat muzeyida “Barkamol avlod” respublika bolalar o‘lkashunoslik va ekologiya markazi mohir pedagogi, iste’dodli rassom Tohir Shaymurodovning “Tabiat bolalar nigohida” nomli rasmlar ko‘rgazmasi ochildi.
Tadbirda yoshlarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish, ularda kasbga oid dastlabki ko‘nikmalar shakllanishida “Barkamol avlod” bolalar markazlarining o‘rni beqiyosligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 28 fevraldagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizning barcha hududlarida ikki yuzdan ortiq ana shunday markaz tashkil qilingan. Ularda badiiy va texnik ijodkorlik, o‘lkashunoslik va ekologiya bo‘yicha yuzlab to‘garaklar faoliyat yuritmoqda.
Ayni paytda “Barkamol avlod” respublika bolalar o‘lkashunoslik va ekologiya markazidagi botanika, biologiya, tabiatshunoslik va ekologiyaga oid ellikdan ziyod to‘garakda 500 dan ortiq o‘g‘il-qiz mahoratini oshirmoqda. Markazda chet tillarini o‘rgatish ham keng yo‘lga qo‘yilgan.
Ko‘rgazmada T.Shaymurodovning ijodiga bag‘ishlangan video slaydlar, ekologik burchak, shogirdlari tomonidan yurtimizning tabiati, boy tarixi, moddiy va madaniy boyliklari, hayvonot va o‘simlik olami mohirona ifodalangan yuzdan ortiq rasm namoyish etilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA