Kelgusi yil ham yurtingizga, albatta, kelaman
Toshkentga kelganimga uch kun bo‘ldi, – deydi belgiyalik sayyoh Jon Vigbeki. –Tasodifni qarangki, safarim “O‘zbegim” milliy festivaliga to‘g‘ri kelibdi. Ushbu festivalda betakror hunarmandlik mahsulotlari, folklor qo‘shiqlari menda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekistondagi tinchlik-osoyishtalikka havasim keldi, xalqingizning mehmondo‘stligi, odamlar yuz-ko‘zidagi ertangi kunga ishonch meni hayratga soldi. Hech qachon, hech qaysi yurtdan bu yerdagi kabi go‘zal taassurotlar tuymaganman. Imkon tug‘ilsa, kelgusi yil ham yurtingizga, albatta, kelaman.
Shuni aytishim joizki, yurtingiz noyob madaniy va boy ma’naviy merosga ega. Zamonaviy, barcha qulaylikka ega mehmonxonalar qurilmoqda, xizmat ko‘rsatish darajasi yuksalib, aeroport va vokzallar modernizatsiyalashtirilayapti. Bularning barchasi O‘zbekistonda bo‘lgan sayyohlarga unutilmas taassurotlar baxsh etmoqda. Yangidan barpo etilgan hamda rekonstruksiya qilingan binolar, jozibador xiyobonlar va gulzorlar – hamma-hammasi shahar qiyofasiga fusunkorlik bag‘ishlagan. So‘lim bog‘lar, serjilo favvoralar, xalqimizning yuksak yaratuvchanlik salohiyatidan darak beruvchi inshootlar o‘ziga maftun etadi, unitilmas taassurotlar bag‘ishlaydi.
Bugun Toshkentda tayyorlanayotgan osh Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilganidan nihoyatda xursandman.
“Soglom.uz” muxbiri
Xurshida HUSENOVA
yozib oldi.