Tezkor, aniq, to‘g‘ri tashxis – salomatlik omili
Issiq jonning isitmasi bo‘ladi. To‘satdan sog‘ligingiz yomonlashib qoldi deylik. Bunday paytda, albatta shifokorga murojaat qilasiz. Mutaxassis muolaja boshlashdan avval kasallikni keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash uchun qon, peshob tahlillari topshirishga yo‘llanma beradi. Aks holda davo choralari samara bermasligi mumkin.
Aytish joiz, bunday keng qamrovli tibbiy tekshiruvlar ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari yoki zamonaviy diagnostika markazlarida to‘g‘ri va tezkor tarzda aniqlanadi. Bu borada yurtimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat tibbiyot markazlarining alohida o‘rni bor. Ana shunday muassasalardan biri poytaxtimizdagi “MEDIK – As” markazidir.
– Aholi salomatligi yo‘lida faoliyat yuritayotgan “Medik – AS” va uning tarmoqlari – “Medik – AS Chemical Group”, “Medik – As Laboratory” va “Medik – AS Diagnostics” kabi tibbiy tekshiruv markazlarimiz yangi avlod tibbiy texnologiyalarini qo‘llash va kichik spektrdagi diagnostik xizmatlarni taklif qiluvchi ko‘p tarmoqli tibbiy birlashmalardan biri hisoblanadi. Barcha markazlar eng zamonaviy tibbiy apparatlar bilan jihozlangan, – deydi muassasa rahbari Kamoliddin Husainov.
Ayni paytda 150 nafar malakali tibbiyot xodimlari va mutaxassislar faoliyat ko‘rsatayotgan “Medik – As” tibbiy tekshiruv markazining xizmatlaridan aholi mamnun.
Bu yerda qon va peshob, biokimyoviy, gormonal tahlillardan tashqari, Torch infeksiyasi, allergiya, gepatit, ginekologik hamda o‘sma kasalliklariga oid barcha tahlillar, PSR, doplerografiya, UTT, EKG tibbiy apparatlari mavjud bo‘lib, mikroskopiya, exokardiografiya, elastografiya kabi zamonaviy tekshiruv usullari yordamida kasallikning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar muvaffaqiyatli tekshirilib, aniqlanmoqda.
Markaz tomonidan joriy yil iyun oyidan so‘nggi zamonaviy tibbiy tekshiruv usuli – IXLA (immunoxemilyuminessent analiz) tahlillarining samarali yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molik. Tekshiruv yo‘nalishidagi IFA (immunoferment) tizimidan yangi avtomatlashtirilgan IXLA tizimiga o‘tilishi qo‘lda bajariladigan ba’zi tekshiruv amaliyotlaridagi kamchiliklarni bartaraf etibgina qolmay, tahliliy tezlik va aniqlikni 30 foizga oshishini ta’minladi. Qulay tomoni shundaki, uzoq viloyatlardan kelgan bemorlar tahliliy natijalarini elektron pochta orqali olish imkoniga ega.
Mijozlarga iliq munosabat, ularga bo‘lgan e’tibor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish markaz xodimlarining asosiy vazifasiga aylangan. Ayniqsa, Shahnoza O‘rolova, Sadoqat Akbarova, Gulchehra Magometova, Angor Sirochev, Gulnora Umarova, N. Vartazarova, N. Azimova kabi shifokor-mutaxassislardan mijozlar xursand. Ro‘yxatxona xodimlari bemorlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berishga harakat qilishadi.
Tibbiy muassasada mijozlarning ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga, Ikkinchi jahon urushi va mehnat faxriylari, I va II guruh nogironlari, nafaqadagi keksalarga 15 foiz chegirma belgilangan. Shuningdek, yolg‘iz, nogiron, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtojlar va o‘sma kasalligi bilan og‘riganlarga mahalla fuqarolar yig‘inining ma’lumotnomasi asosida bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Aytish joizki, 2016 yilda nodavlat tibbiyot muassasalari tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, ular faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida respublika miqyosida “Eng yaxshi nodavlat tibbiyot muassasasi” tanlovi o‘tkazildi. Ushbu tanlovning diagnostika yo‘nalishida “Medik – As” tibbiy tekshiruv markazi “Eng yaxshi nodavlat tibbiyot muassasasi” nominatsiyasi bo‘yicha 2-o‘rinni egalladi.
Inson qanday kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, yurt ravnaqi, xalq manfaati yo‘lida xizmat qilishni o‘zining insoniy burchi deb bilsa, unga muvaffaqiyat doimo yor bo‘ladi.
Maryam AHMEDOVA