E’tirof

Bola sog‘lom bo‘lsa, ota-onalarning ko‘ngli xotirjam, oila esa totuvlikda hayot kechiradi. Shu sabab mamlakatimizda ona va bola salomatligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qolaversa, hukumatimiz tomonidan soha xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular mehnatini qadrlash, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Kuni kecha Prezidentimizning bir guruh ijtimoiy soha vakillari bilan bir qatorda sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmoni bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

O‘zining beminnat xizmati, insoniylik fazilatlari bilan hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan Isroil Avazov Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasida bolalar bo‘limi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Yaqinda tajribali shifokor davlatimiz rahbari tomonidan II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

– Bolalarni yaxshi ko‘rganim uchun ushbu kasbni tanlaganman, – deydi Isroil aka. – Samarqand tibbiyot oliygohini tamomlagach, yo‘llanma bilan Navoiy viloyati Xatirchi tumanida joylashgan markaziy shifoxonaning bolalar bo‘limida ish boshlaganman. Oradan bir necha yillar o‘tgach Kattaqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi bolalar poliklinikasida faoliyatimni davom ettirdim. 6 oydan so‘ng ushbu dargohda bemor chaqaloqlar bo‘limini ochdik. Bilasizmi, xasta odamga hech qachon befarq bo‘lolmayman. Har bir bemor bolaga o‘zimning bolamday mehr ko‘rsatishga, uni yaxshi parvarish qilishga intilaman. Shukurki, 33 yildan beri ushbu yo‘nalishda xizmat qilib kelmoqdaman. Faoliyatim davomida oliy toifali shifokor darajasini oldim. Mening kamtarona mehnatlarim evaziga o‘tgan yili mustaqilligimizning 25 yilligi munosabati bilan Birinchi Prezidentimiz tomonidan “O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandim.

Isroil Avazov oilada farzandlar tarbiyasiga va ularning bilim olishiga alohida e’tibor qaratgani bois, bugun ularning barchasi oliy ma’lumotli kadrlar sifatida ona yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Ana shunday jonkuyar, fidoyi insonlar bor ekan farzandlarimiz salomat, ko‘nglimiz xotirjam. Tilagimiz aholi salomatligi yo‘lida samarali mehnat qilayotgan barcha shifokorlarga qo‘lingiz aslo dard ko‘rmasin, deymiz.

Ch. XUSHVAQTOVA yozib oldi.

Yana o‘qing:  Dunyoda tengsiz o‘zbek bolalari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: