Ona tabiatni asrash borasida ekohaftalik
Dunyoda ona zoti borki, farzandiga hamisha yaxshiliklar va ezguliklar tilab keladi. Har bir ona bolalarining kamolini ko‘rishni niyat qiladi. Tabiatga nisbatan ona sifatining berilishi ham bejizga emas. Zero, tabiat bizga o‘zining bebaho boyliklarini ilinadi. Xuddi ona singari erkaliklarimizni ko‘taradi. Shu sabab biz ham farzandlik burchimizni bajarishimiz zarur.
Zero, bugungi kunda ekologiya muammolari dunyodagi eng dolzarb masalalardan biridir. Shu sababli, ushbu muammolarni hal qilish BMTning Ming yillik rivojlanish maqsadlariga kiritilgan va 2015 yildan boshlab butun dunyoda amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari 5 iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Butunjahon atrof-muhit kuni deb e’lon qilindi.
Shu munosabat bilan yurtimizda 28 maydan – 5 iyungacha O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Global ekologik jamg‘armasining kichik loyihalar dasturi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining vakolatxonasi bilan o‘zaro hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 25 yilligi va 5 iyun – Butunjahon atrof- muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan ekohaftalik tashkil qilindi.
Mazkur keng qamrovli ekologik aksiyada vazirliklar va qo‘mitalar, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
28 may kuni poytaxtimizdagi «Interkontinental» mehmonxonasida ekohaftalikning ochilishiga bag‘ishlangan konferensiya tashkil qilindi. Tadbirda Oliy Majlis Senatining Agrar, suv ho‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasidan senator Xolmurod Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi va BMTning bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha Konvensiyasining milliy koordinatori Narimon Umarov, BMT va BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Stefan Prisner ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit holati va tabiiy manbalardan foydalanish to‘g‘risida ma’ruzaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shu bilan bir qatorda ochilish marosimida ko‘rgazma ham tashkil qilinib, unda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va BMTning “Taraqqiyot” dasturi O‘zbekistondagi ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan loyihalari taqdim etildi.
Ekohaftalik davomida tabiatni, bioxilma-xillikni ta’minlash borasidagi loyihalarning bajarilishi borasida respublikamizning Samarqand, Andijon, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlariga sayohatlar uyushtirildi. Sayohat davomida joylarda tabiatni muhofaza qilish borasida erishilgan yutuqlar jamoatchilikka tanishtirildi. Respublikamiz bo‘ylab ekologiya sohasidagi yangi texnologiyalar namoyishi va sohaga doir ilmiy-amaliy konferensiyalar o‘tkazildi. Ekohaftalik yakuni doirasida 5 — iyun kuni poytaxtimizdagi G‘afur G‘ulom nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida «Suv va havo musaffoligi uchun» shiori ostida tadbir tashkil qilindi.
Nodira URMANOVA