Mangulik ko‘chasi foydalanishga topshirildi
Yurtimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Andijon viloyatida ham shahar-u qishloqlar, ko‘cha va xiyobonlar zamonaviy qiyofa kasb etib, odamlarning turmushini, mehnatga, hayotga munosabatini o‘zgartirmoqda. Hududda ayni paytda 126 katta-kichik ob’yekt birin-ketin foydalanishga topshirilayotgani, eng ulug‘, eng aziz bayram oldidan viloyat ahliga munosib tuhfa bo‘lmoqda.
Andijon shahrida Vatanimiz Mustaqilligining 26 yilligi arafasida yangidan barpo etilgan Mangulik ko‘chasi foydalanishga topshirildi. Kengligi 32, uzunligi 700 metrdan ziyod bo‘lgan ushbu ko‘cha atigi ikki oyda Andijon shahridagi “Samandar shijoati” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ko‘chaning ochilishi xalq sayliga aylanib ketdi. Savdo yarmarkalari, yosh rassomlar ko‘rgazmasi, sportchi yoshlarning chiqishlari, taniqli san’atkorlar, badiiy jamoalar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.