Ohista yuradigan odamlarning yurak kasalliklariga chalinishi xavfi yuqori bo‘ladi
Ko‘p yillik tadqiqotlar natijasida Buyuk Britaniyadagi Lester universiteti olimlari yuqoridagi xulosaga keldi.
Buning uchun Birlashgan Qirollikda yashovchi yarim millionga yaqin aholining 2006 va 2010 yillar oralig‘idagi salomatligi va jismoniy faolligi o‘rganildi. Keyinroq, yurak-qon tomir kasalliklari yoki saraton tashxisi qo‘yilgan kishilar ro‘yxatdan chiqarilib, 420 ming kishi olib qolindi.
So‘ngra davom etgan olti yildan oshiq tekshiruv mobaynida 8,6 mingga yaqin kishi dunyodan o‘tdi. Ularning 1,6 mingi yurak-qon tomir kasalligidan ko‘z yumgan bo‘lsa, 4,8 ming odamni saraton olib ketdi.
Tadqiqot davomida sekin yurish yoki tez sur’atda yurishning erta o‘lim (yurak kasalligi yoki saratondan) xavfiga bog‘liqligi tadqiq qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, odatda sekin yuruvchilar tez yuruvchilarga qaraganda ikki marta tez dunyodan ko‘z yumgan. Bu xulosa erkagu ayol uchun birday bo‘lib, insonning chekishi, tana vazni va parhezi kabi omillarga bog‘liq emas.
Shunday qilib, zamonamiz olimlari tez harakatlanish va tayinli maqsadga yo‘naltirilgan jismoniy mashqlar kishining umrini uzaytirishda ahamiyatli ekanini yana bir marta ta’kidlamoqda.
Demak, sekin yursang – uzoqqa borasan maqolini o‘zgartirish vaqti ham keldi.
Manba: Sof.uz