Salomatlik sari ilk qadam
Kuni kecha Respublika Bolalarni ijtimoiy moslashtirish markazida Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir ushbu markaz tasarrufidagi Axborot-konsalting xizmati va Respublika «Sen yolg`iz emassan» Bolalar jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bolajonlarni bayram bilan tabriklab. 2004 yilda tashkil etilgan ushbu markazda 2012 yilning iyun oyidan 2013 yilning may oyigacha bo‘lgan davr ichida 901 nafar bolaga konsultativ yordam ko‘rsatilganligini alohida ta’kidladilar.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ushbu markazda ruhan va jismonan imkoniyati cheklangan bolalar jismoniy mashqlar va turli psixologik mashg‘ulotlar yordamida sog‘lomlashtiriladi. Ular uchun sensor xonasi, musiqa xonasi, qum terapiyasi, montesorri xonasi, ertakterapiya, fitobar xonasi tashkil etilgan. Har chorakda bir marta o‘zbek va rus tillarida «Bola va zamon» jurnali chop etiladi.
Xorazmlik Nigora Ro‘zmetova qizi Aminaxonning Viloyat Bolalar shifoxonasi nevrologiya bo‘limida doimo davolash muolajalarini olishi haqida so‘zladi. Markaz xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan muolajalardan keyin esa qizining asablari ancha tinchlangani, bolalar bilan bamaylixotir o‘ynayotgani, ba’zi so‘zlarni aniqroq gapirayotganini ta’kidladi. Barcha ota-onalar markaz rahbariyatiga, bu yerda yaratilgan sharoitlar, jamoa a’zolari tomonidan o‘tkaziladigan sog‘lomlashtirish muolajalari, turli qiziqarli mashg‘ulotlari uchun o‘z minnatdorligini izhor etdilar.
Bolalarga o‘zbek estradasi hamda «Labirus» teatri truppasi aktyorlari, shuningdek, mazkur markazga keluvchi iqtidorli bolalar tomonidan teatrlashtirilgan tomosha namoyish etildi.
Bayramning eng kichik yoshdagi ishtirokchilari uchun Axborot-konsalting xizmati tomonidan sovunli suv pufaklari shousi, akva grim, topishmoqlar hududi, rassomlar hududi, ertak qahramonlari bilan uchrashuv, sharlar bilan o‘ynaydigan ko‘z boylag‘ich, batutda sakrash kabi ko‘ngilochar o‘yinlar tashkil etildi.
Barcha tadbir ishtirokchilariga nogironlik aravachalari, yurishga moslashtirilgan ortopedik stullar, aqliy rivojlantirishga ko‘mak beruvchi o‘yinchoqlar, shuningdek, tayanch harakatlari zaif bolalar uchun sihatgohlarga yo‘llanmalar berildi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA,
“Sog‘lom avlod” muxbiri