Katta sport shodiyonasi

Mamlakatimiz yoshlarining haqiqiy sport shodiyonasiga aylanib ulgurgan mazkur musobaqada viloyat va mintaqaviy bosqichlarda g‘alaba qozongan talaba sportchilar ishtirok etadi.

Mamlakatimizda aholi salomatligiga, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirish va shu bilan birga ularni jismonan barkamol qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurt­boshimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan uch bosqichli sport o‘yinlarining o‘tkazilishi, yoshlarni sportga jalb qilish, ularni har jihatdan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu sababdan bu yilgi “Universiada” sport musobaqalarini har jihatdan yuksak saviyada tashkil etish maqsadida Buxoro shahrida ko‘plab bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Chunonchi, bugun shahar yangicha qiyofa kasb etib, yo‘l chetlariga turfa anvoyi gullar ekildi. Ayniqsa, bir-biridan go‘zal favvoralar, yo‘llar bo‘ylab o‘rnatilgan turli rangdor chiroqlar shahar ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlamoqda. Bundan tashqari turli sport majmualari, turar-joy binolari, umumiy ovqatlanish inshootlari bunyod etildi.

Musobaqaning ochilish va yopilish marosimlari hamda yengil atletika bellashuvlari o‘tkaziladigan «Buxoro» sport majmuasi «Universiada – 2013 musobaqalari munosabati bilan yanada zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Jahon talablariga javob beradigan yirik hajmli elektron tablo o‘rnatildi, zamonaviy yoritgichlar, yugurish yo‘lakchalaridagi sun’iy qoplamalar yangilandi, majmua atrofi obodonlashtirildi, avtomobillar turar joylari ta’mirlanib, foydalanish uchun topshirildi.

Viloyat markazidagi «Humo» va «Dilkusho» tennis majmualari, Buxoro Olimpiya zahiralari kollejining sport zali, «Semurg‘» sport majmuasi, «Dinamo» sport zali, Buxoro yuqori texnologiyalar muhandislik-texnika instituti ochiq sport majmuasi ham «Universiada» sport bellashuvlarini o‘tkazish uchun shay holatga keltirildi.

Buxoro Davlat universitetida barcha talablarga javob beradigan zamonaviy sport zali barpo etildi. Mazkur inshoot yonidagi futbol, voleybol, basketbol, qo‘l to‘pi maydonlaridan iborat majmua kapital ta’mirlangach, hudud o‘ziga xos zamonaviy sport markaziga aylandi.

Musobaqa ishtirokchilarining yashashi uchun jami 2490 o‘rinli talabalar turar joylari bosqichma-bosqich ta’mirlanib, foydalanish uchun shay holatga keltirildi.

Universiada musobaqalari munosabati bilan shaharda bunyodkorlik ishlari ko‘lami yanada kengaydi. «Buxoro» xalqaro aeroporti va Kogon shahridan viloyat markazigacha bo‘lgan yo‘llar va o‘ndan ziyod asosiy ko‘chalarda keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, ko‘chalar yoqasidagi bino va inshootlar zamonaviy ko‘rkam qiyofa kasb etib, shahar markaziy ko‘chalaridan o‘tuvchi yo‘llar ta’mirlandi.

Yana o‘qing:  Parkentda Havro‘z

Universiada sport musobaqalari mamlakat talaba yoshlari hayotidagi unutilmas voqeadir. Shu bois ushbu katta sport bayramini yuksak saviyada o‘tkazishga viloyat ahli ham har tomonlama hissa qo‘shmoqda. Yaqinda tashkil etilgan «Universiada – 2013» xayriya hashari ana shu ezgu sa’y-harakatlarning o‘ziga xos yorqin ifodasidir.

«Universiada-2013» musobaqalarining yuksak saviyada o‘tishini ta’minlashda bevosita tibbiy xizmatning ham o‘rni va ahamiyati bor, albatta. Shu bois O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tuzilgan maxsus ishchi guruhi tomonidan musobaqa o‘tadigan kunlari bahslar boradigan sport majmualari, sportchi talabalar va ularning murabbiylari, qolaversa, madaniy tadbirlarga jalb qilingan san’atkorlar joylashgan turar joylar va mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish muassasalarida tibbiy va sanitariya xizmatini talab darajasida, sifatli tashkillashtirishga katta e’tibor qaratilgan. Ushbu maqsadda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidan jami 330 nafar tibbiyot xodimi safarbar etilgan bo‘lsa, ularning 191 nafari oliy ma’lumotli vrachlardir.

«Universiada-2013» kunlari tibbiy xizmat ikki yo‘nalishda tashkillashtiriladi. Dastavval audio-videoroliklar, suhbatlar va shaxsiy gigiyena tartib-qoidalariga rioya qilishni o‘z ichiga olgan eslatmalar, tavsiyalardan iborat profilaktik chora-tadbirlar majmui ishlab chiqildi. Undan so‘ng bevosita davolash va tibbiy muolajalarga o‘tiladi. Xizmatlar talabalar sport anjumaniga boshqa viloyatlardan tashrif buyuradigan mehmonlarni kutib olish va kuzatish tadbirlaridan boshlanishini inobatga olgan holda Buxoro xalqaro aeroporti va Kogon temir yo‘l vokzalidagi tibbiyot xonalari qayta jihozlandi. Har ikki manzilga 3 tadan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi brigada (har birida ikki nafar vrach va hamshira) joylashtirildi. «Universiada-2013» tantanali ochilish va yopilish marosimlari o‘tadigan «Buxoro» sport majmuasi hududida esa asosiy tarkib ish olib boradi, ya’ni majmua ichi va atrofiga jami 36 ta tibbiy post, har biri «Xunday» rusumli maxsus jihozlangan transport vositasiga ega 8 ta sayyor tibbiy yordam brigadasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, yoshlar sport bayrami ishtirokchilari joylashadigan turar joylar – Buxoro Davlat universiteti va uning 4-son akademik litseyi, Buxoro Yuqori texnologiyalar muhandislik texnika instituti va uning 2-son akademik litseyi, Buxoro neft va gaz sanoati kasb-hunar kolleji turar joy binolari hamda «Sitorai Mohi xosa» sanatoriysida jami 8 tadan tibbiyot xonasi va tibbiy yordam brigadasi zarur vositalar – 30 xildagi dori-darmon va 25 xildagi jihozlar bilan ta’minlandi. Bu yerda navbatchilik asosida uzluksiz faoliyat ko‘rsatadigan vrach- terapevt, anesteziolog, reanimatolog, travmatolog, akusher-ginekolog va boshqa mutaxassislikdagi malakali shifokorlar saralab olindi.

Yana o‘qing:  Hamisha bedor va sergak shifokorlar

«Universiada-2013″ning murosasiz bahslari kechadigan sport zallari, jumladan «Semurg‘», «Humo»,»Dilkusho»,»Buxoro» sport majmualari, Buxoro Neft va gaz sanoati hamda Buxoro Olimpiya zahiralari kollejlarida ham yuqoridagi tartibga muvofiq sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish ishlari tashkillashtirilgan.

Viloyatda o‘tadigan «Universiada» bahslariga buxorolik yoshlar ham qizg‘in hozirlik ko‘rdi. Ular orasida mamlakatimiz sharafini xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli himoya qilib kelayotgan yosh sportchilar ham bor. E’tiborlisi, ularning ko‘pchiligi avvalgi «Universiada» bellashuvlarida o‘z mahoratini oshirgan. Binobarin, mazkur musobaqalardan ko‘zlangan maqsad ham yoshlar orasidan yangi nomlarni kashf etish, ularni yanada chiniqtirib, mahorat va tajribasini oshirishdir. Masalan, 2002-yilgi «Universiada»da kurashchilar Shuhrat Xo‘jayev, Ramziddin Saidov, futbol bo‘yicha mamlakat milliy terma jamoasi a’zosi Ulug‘bek Baqoyev, dzyudo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, Pekin va London Olimpiadalari bronza medallari sovrindori Rishod Sobirov kashf etilgan edi.

«Umid nihollari» va «Barkamol avlod» musobaqalarida toblanib, katta sportga yo‘llanma olgan talaba sportchilar navbatdagi «Universiada» sport musobaqalarida bu an’anani munosib davom ettirishiga ishonchimiz komil.

Farhod TOLIPOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: