Cho‘ntakbop dazmol
Yaponiyada yangi, o‘ta qulay gadjet kashf etildi. Bu – sayohat va ofis ishlari vaqtida foydalanish mumkin bo‘lgan USB dazmollardir. ok-gadgets.net tarqatgan xabarlarga ko‘ra, ushbu dazmolni cho‘ntakda doimo olib yurish mumkin.
Oxirgi yillarda olimlar noodatiy gadjetlarni yaratishmayotgandi. Endilikda ushbu kashfiyot odamlarni yana hayratlantirishiga ishonsa bo‘ladi. Siz bu uskuna yordamida kiyimingizni o‘zingiz xohlagan ko‘rinishda saqlashingiz mumkin.
Bu ayniqsa, tadbirkorlarga asqotishi haqida gapirilmoqda. Ma’lumki, ular ish yuzasidan ko‘plab odamlar bilan uchrashadilar, muzokaralar o‘tkazadilar. Bu paytda esa tadbirkorning kiyimida hech qanday nuqson bo‘lishi kerak emas.
Ko‘pchilik kompaniyalar dazmol ishlab chiqaradi. Ammo ularning xajmini kichik, ishlatish uchun qulay deb bo‘lmaydi. USB dazmol esa bu boradagi talablarga to‘la javob beradi. Uning og‘irligi bor-yo‘g‘i 60 gramm.
Dazmol USB portal orqali quvvatlantirish mumkin bo‘lgan akkumulyator yoki odatiy AA batareykalari yordamida ishlaydi. Uning isishiga bir necha sekund ketadi, xolos. Bunday dazmolni 10 dollar evaziga faqat Yaponiyada xarid qilish mumkin.