Ortiqcha vazn – salomatlikdagi muammolardan darak
Ortiqcha vazn yurak salomatligiga doim xavf soladi. London kolleji tadqiqotchilari 10 ming nafar sog‘lom va yurak-qon tomir muammolariga yo‘liqqan 7600 dan ziyod odamning ma’lumotlarini tahlil qildi.
Mutaxassislar og‘irlik va yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishi xavfini baholashdi. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, qon bosimi yuqori, xolesterin darajasi ortiqcha va bel hajmi katta odamlarda vazni qancha bo‘lishidan qat’i nazar yurak kasalliklari rivojlanishi ehtimoli ikki marta ko‘pligi aniqlandi.
Boshqa jihatdan sog‘lom bo‘lgan ortiqcha vaznli qatnashchilar kasallikka normal vazndagilarga qaraganda 26 foiz ko‘proq duch kelgani ma’lum bo‘ldi. Faqat semirish muammosi bor, yuqorida sanab o‘tilgan boshqa omillardan xoli kishilarda esa yurak kasalliklari alomatlari 28 foizga ko‘proq kuzatildi. Mana shu ma’lumotlardan kelib chiqib, olimlar “sog‘lom semizlik” mavjud emas, degan xulosaga keldi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.