Havoning ifloslanishi moddalar almashinuvi va gormonal holatning buzilishiga sabab bo‘ladi
Fudan universiteti olimlari havoning ifloslanishi tufayli organizmdagi stress gormonlari miqdori ortishini aniqladi. Bu orqali nega havoning ifloslanishi yurak kasalliklari, insult, diabet va barvaqt o‘lim bilan bog‘liqligini tushuntirib berish mumkin, deb yozadi The Daily Mail nashri.
Tadqiqotda 55 nafar Shanxayda yashovchi sog‘lom talaba qatnashdi. Shanxay Xitoyning boshqa shaharlariga qaraganda havosi o‘rtamiyona darajada zararlangan shahar hisoblanadi. Mutaxassislar mayda dispersion zarrachalarning ishtirokchilar sog‘lig‘iga ta’sirini baholadi. Talabalar ikki guruhga bo‘lindi. Birinchi guruhdagilarning xonasiga ishlaydigan, ikkinchi guruhnikiga ishlamaydigan havo tozalovchi apparatlar to‘qqiz kunga qo‘yildi.
Keyin apparatlar 12 kunga xonadan chiqarib tashlandi. So‘ngra ular yana to‘qqiz kun muddatga xonaga joylashtirildi. Tadqiqotchilar har bir bosqich oxirida qatnashchilarning qon va siydigini tahlil qilishdi. Tadqiqot natijasida, havo tozalagichlari ishlamaydigan xonalarda yashagan talabalarda stress gormonlari, qondagi shakar miqdori, aminokislota va yog‘ kislotalari miqdori yuqoriligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, mayda dispersion zarrachalar ta’siri qon bosimining ko‘tarilishi va insulinga ta’sirchanlikning pasayishi bilan ham bog‘liq. Bu vaqt o‘tishi bilan diabet, yurak xastaliklari va boshqa kasalliklarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.