Mehr
Ota-onasiz katta bo‘lgan bolaning yuziga hech nazar solganmisiz?! U bamisoli shamollarda qolgan nihol kabi himoyaga muhtoj. Uning chehrasidagi g‘amni qancha harakat qilmang, hech aritolmaysiz. Ayniqsa, bola bemehr insonlar qo‘lida kamol topgan bo‘lsa, uning murg‘ak qalbida ko‘z ochayotgan mehr bulog‘i ham yo‘qlik sari yuz tutadi…
Hali sakkizga ham to‘lmagan Sanjar ota-onasidan yolg‘iz qoldi. Onasi tirikchilik vajidan chet elga ketganligi, otasi esa yangi oilasi bilan andarmon bo‘lgani bois, u qarindoshlar uyidan qo‘nim topdi. Endi u bir oy bu qarindoshinikida bo‘lsa, keyingi oy boshqa joyda yashashga majbur. Ota-onasining bag‘riga sig‘magan bola o‘zgalarning qoshida xotirjam bo‘larmidi?!
Bir safar qishloqdan ancha olisda yashovchi tog‘asinikiga bordi. Avvaliga yangi joyda u o‘zini biroz noqulay his etdi. Bir yerga o‘tirsa, soatlab joyidan jilmaydi. Nazarida uning har bir harakati uy egalarini bezovta qilayotgandek tuyulaverdi. Ammo kelinoyisi Nasiba opa bolaning kayfiyatini ko‘tarishga urinadi. Tog‘asi ishga ketgan mahal Sanjar yangasiga uy ishlarida qarashar, do‘konga chiqib, u buyurgan mayda-chuyda xaridlarni qilar, dam olish kunlari esa kelinoyisi bilan birga istirohat bog‘iga aylanishga borardi.
Sanjar va kelinoyisi orasida o‘zaro mehr va ishonch hissi ortib bordi. Eng muhimi, yaqinlarining e’tibori tufayli bolaning tund chehrasiga tabassum yugurdi. Undagi befarqlik, tortinchoqlik o‘tmishda qolgandek bo‘ldi. U yillar davomida ko‘rmagan e’tibor va g‘amxo‘rlikni shu xonadondan topdi. Sanjar bu oshyonga kelinoyisi tufayli “ipsiz bog‘lanib qolgandi”.
Nasiba opaning ham bolaga mehri bo‘lakcha edi. U yillar davomida sog‘inib, entikkan onalik baxtini Sanjar tufayli qalban his etgandek bo‘ldi.
Oradan bir necha oylar o‘tdi. Sanjar navbatdagi “uy”ga ketishga tayyorgarlik ko‘rarkan kayfiyati biroz tushkun ko‘rindi. Aslida u o‘zi mehr topgan bu oiladan uzoqlashayotganiga g‘amgin edi. Biroq, buni kelinoyisiga sezdirmadi. Ketar chog‘ horg‘in ohangda asta so‘z ochdi:
– Kelinoyi, qachon qishloqqa borasiz? Tog‘am mehnat ta’tiliga chiqqanida yana qishloqqa boring. Sizni sog‘inaman.
Nasiba opa Sanjarning mungli chehrasiga termularkan, uning ko‘nglidagi istagini bilgisi keldi:
– Sanjar oying kelguncha biznikida qolmaysanmi?
Bu so‘zlarni eshitib, bolaning ko‘zlari porlab ketdi. Xursandchiligidan kelinoyisini mahkam quchoqlab oldi.
– Qolaman kelinoyi, jon deb qolaman…
Vaqt o‘tib, Sanjar ushbu xonadonning to‘ng‘ich farzandiga aylandi. Uning qadami qutlug‘ kelib, ketma-ket tug‘ilgan ukalariga mehribon aka bo‘ldi.
Mayna HASANOVA