Kartoshka haqida qiziqarli ma’lumotlar
Kartoshkadan dastlab Janubiy Amerika hindulari yegulik sifatida foydalangan. Uni madaniylashtirish taxminan o‘n ming yillar oldin Peru hududida boshlangan. Kartoshka haqidagi ma’lumotlar Yevropaga XVI asrdagina yetib kelgan, XVIII asrdan pazandachilikda keng qo‘llanila boshlagan. Hozirda kartoshka yer yuzining barcha hududlarida yetishtiriladi.
- Rossiya, Belorussiya, Irlandiya va Xitoy – kartoshka eng ko‘p iste’mol qilinadigan mamlakatlar.
- Kartoshkaning 4000 ga yaqin turi bor.
- Kartoshka dunyoning barcha oshxonalarida eng ko‘p ishlatiladigan mahsulotlardan biri hisoblanadi. Kartoshkaning afzallik tomonlaridan biri – undan ovqat tayyorlash uchun oshpazlik malakasi yuqori bo‘lishi shart emas. Istagan odam uni qovurib, dimlab yoki qaynatib taom tayyorlashi mumkin. Shirin kartoshka navidan desert taomlar tayyorlanadi.
- Kartoshkani turiga qarab mos usulda pishiriladi. Masalan, tarkibida kraxmal miqdori ko‘p (20–22 %) bo‘lgan kartoshkalarni dimlab yoki qovurib pishirgan ma’qul. Sariq kartoshka (16–18 % kraxmal) ni esa uzoqroq pishirish talab etiladi, undan asosan sho‘rva uchun foydalaniladi. Kartoshka tarkibidagi foydali moddalarni saqlab qolish uchun ozroq suvda qaynatish kerak.
- Kartoshka uglevodlar (kraxmal, sellyuloza), oqsil, S, V1, V2, V3, V6, fosfor, kaliy, magniy, kalsiy, rux moddalariga boy. Oqsilning deyarli barchasi po‘st ostidagi yupqa qatlamda to‘planadi.
- Kartoshka tarkibida kraxmal ko‘pligi uchun sekin hazm bo‘ladi, shuning uchun uzoq vaqtgacha qorinni to‘q tutadi.
- Eski kartoshkalarni (uch oydan ortiq saqlangan) 20–25 daqiqa, yangisini 10–15 daqiqa qopqoq bilan berkitib qaynatish kerak.
- Kartoshkaning kaloriyalilik darajasi – 77 kkal.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.