SHOIRLARNING BOLALARGA TUHFASI
Tursunboy ADASHBOYEV
Bugun yakshanba bozor,
Qator rasta, do'konlar
Yeryong'oq sotar hakka,
Tuyaqush yurar donlab.
Muzqaymoqli hujralar,
Ayiqlarga xos pakka.
Narx-navoni belgilar,
Tovus turfa ipakka.
Karkidon atlas sotar
Metrlab-qulochkashlab
Jirafa to'rt bolasin,
Bozorga keldi boshlab.
Topgan-tutgan mablag'in,
Qopchig'ida keltirgan.
Har biriga ko'ylakka,
Yetar o'n besh metrdan.
Shu mahal bitta maymun
Peshtaxtani oralab
Tugmali apparatni,
Olib qochdi panalab.
Hisob payti Karkining
Rangi birdan oqardi.
U ochopat maymunga
Yeb qo'ygudek baqirdi.
G'ajir kalkulyatorni,
Maymun shoxda shu palla.
Bilmas karra jadvalni,
Karkidonlar xom kalla…
Suratkash
Rassom tog'am chizgan surat,
Yoqmadi bu rost.
So'ng bobomning bog'larini,
Kuzatdim biroz.
Olma guli nafarmondir,
Shaftoli pushti.
Qirmizi rang o'riklardan
Kapalak uchdi.
Olxo'riga oppoq ko'ylak,
Yarashgan ajab.
Olvalining egni uzra,
Yarqirar sadaf.
Asalari chechaklarni,
Changlatib o'tar.
Savob ishga qodirligin,
Anglatib o'tar.
Anjir sariq, nok zamharir,
Bodring-chi yashil.
Bir-biriga o'xshamaydi,
Hatto to'rt fasl.
Quyosh ming xil bo'yoqlarni,
Olar qayoqdan?
Ajabtovur, sehrlidir,
Go'zal hayot ham.
Qo'qqis ko'kda chaqmoq chaqdi,
Momoguldirak.
Chang, g'uborni aritguvchi
Yomg'irdan darak.
Bahor faslin o'ziga xos,
Bordir g'ashligi.
Bu onajon tabiatning,
Suratkashligi.
Bu dunyoning ishlari
Ko'rdinglarmi chipor Xo'roz,
Minib olib Tulkini,
O'tib ketdi guzar tomon
Ortib molu mulkini.
Olahakka arqon bog'lab,
Timsohning po'koniga,
Yong'oq tashir bozordagi
Xususiy do'koniga.
Toshbaqaga egar urib,
Qing'ir oyoq chigirtka
Kechki ovqat tashvishida,
Shoshib borar gugurtga.
Beqasam to'n Zebradan
Jirafa sal norozi.
Filning vaznin o'lchash uchun
Sotib opti tarozi.
Chuvalchangni ko'rgan mahal,
Kobra qochdi seskanib.
Bu dunyoni ishi shunday,
Pala-partish teskari…