SHOIRLARNING BOLALARGA TUHFASI
Bolalarimiz sog'lom o'sib-ulg'aysin. Axir ularni yurtimizning ertasi – kelajagimiz, deb ardoqlaymiz. Osmoni musaffo diyorimizning ravnaqiga ravnaq, dovrug'iga dovrug` qo'shadigan farzandlarimizning ota-onalari ham omon bo'lsinlar!
Ko'p kitob mutolaa qilsin. Chunki kitobning mag'zi – bilim. Bilimli farzandlar esa yurtning tayanchi, elning suyanchi, faxri bo'ladi.
Ushbu she'rlarimni ham bolajonlarimizga bayram tuhfasi sifatida hadya etaman.
Anvar OBIDJON,
O`zbekiston xalq shoiri
Fathillaniningkurkasi
Kelib Norga arz qildi
To'rt yasharlik ukasi:
– Meni quvdi, atajon,
Patpillaning kulkasi.
G'ijinib musht tugdi Nor:
– Boplab qasos olamiz.
Kurkani…
Yo'q, yaxshisi,
Fathillani solamiz!
Obbo, kalamush-ey!
Kalamushvoy,
Kalamush.
Savoding sal
Chalamish.
Yoz desalar
«Temir» deb,
Sen yozibsan
«Kemir!»deb.
Uch yoshlilar
Olmaniyam
G'ajiyman,
Holvaniyam
G'ajiyman.
Dema: «Nechta
Tishing bor?»
Seni nima
Ishing bor?!
Partaga yozilgan she`r
O'tgan yili men bilan
O'tirardi Mirto'lan.
Baxil edi juda ham,
Ko'chirtirar edi kam.
Bu yil bizdan o'chdi u –
Uchinchiga ko'chdi u.
Handalak
Handalakman polizda,
Lekin qandman og'izda.
Yayrab o'sdim dalada,
Oftob chiqsa, yalla-da.
Suv kelmasa tomirga,
Yalinaman yomg'irga.
Mening faxrim shiramdir,
Qovun katta enamdirr.
Bezori
Qarg'a kirdi
Kinoga,
O'xshab
Buratinoga.
Hamma joylar
Edi band,
Borib dedi
Nopisand:
– Menga qara,
Vey, Laylak,
Yeganmisan
Hech kaltak?
Qani, tur-chi
O'rningdan.
He, o'rgildim
Burningdan!