Ildizini topgan daraxtlar

Mamlakatimizning barcha jabhalarida olib borilayotgan mislsiz o‘zgarishlar hayotimizni yangi bosqichga olib chiqayotir. Ayniqsa, so‘nggi kunlarda madaniy-ma’rifiy, ma’naviy-ijtimoiy, ijodiy sohalarni rivojlantirish, ijodkor-ziyolilarni rag‘batlantirish borasida e’lon qilingan qator qarorlar yozuvchi-shoirlar, san’atkorlar, rassomu bastakorlarni cheksiz quvontirdi. Ommaviy axborot vositalari va matbaa sohasini takomillashtirish borasidagi ishlar ijrosi qizg‘in tus oldi. Xususan, bolalar matbuotini rivojlantirishga ilk zalvorli qadam tashlandi. Ushbu mavzuda alohida suhbatlashish, bolalar nashrlarining ayni jarayondagi faoliyati bilan tanishish maqsadida tahririyatimizga katta-yu kichikka birdek sevimli bo‘lgan “G‘uncha” jurnali bosh muharriri Dilfuza Shomalikovani taklif qilganmiz…

Dilfuza opa, yaqinda e’lon qilingan “O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorda respublika bolalar nashrlari – “Gulxan”, “G‘uncha” jurnali, “Tong yulduzi”, “Klass” gazetasi tahririyatlari “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tasarrufidan Xalq ta’limi vazirligi tizimiga o‘tib, faoliyatini davom ettirish belgilab berilgan. Aslida bu bolalar nashrlari tahririyatlari tomonidan anchadan beri yechimi kutilayotgan og‘riqli masala edi.

Keling, bolalar nashrlarining kechagi va bugungi, ertangi faoliyati haqida so‘z yuritsak…

Hech bir mubolag‘asiz har bir kunimizni tarix sahifalarida iz qoldirayotgan – ulkan va ezgu maqsadlarning ro‘yobiga tamal toshi qo‘yilayotgan sana sifatida muhrlayapmiz. Aynan bolalar nashrlarining Xalq ta’limi vazirligi tizimiga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qaror uzoq yillar kutilgan va o‘ylantirgan muammoning yechimi bo‘ldi. Ijodiy yondoshadigan bo‘lsak, daraxt o‘z ildizini topdi. Ayni kunlarda vazirlik mutaxassislari bilan hujjatlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Bunday o‘ylab qaralsa, inson ham, jonivor va gulu giyoh ham har qanday sharoitda yashashga harakat qiladi. Ammo barcha imkoniyatlar muhayyo etilgan joyda o‘zini namoyish qilishning qirralarini ochadiki, kutgandan ham ziyoda natija kuzatiladi. Shu ma’noda bolalar nashrlari, aynan “G‘uncha” jurnali millat bolalarining ko‘z ochib ko‘radigan ilk jurnali, desak xato bo‘lmaydi. Hademay bu nashrning ilk bor chop etilganiga 60 yil to‘ladi.

Taxlamlarni varaqlasak, har bir davrning nafasini tuyamiz. Bir paytlar milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan bolalar nashrlarining bugungi o‘quvchisi 50 ming, 100 mingdan ziyod. Afsuski, respublikamiz o‘quvchilari soniga hisoblasak va taqsim qilsak, bir sinfga bir donadan ham jurnal to‘g‘ri kelmaydigan holatlar uchraydi.

Yana o‘qing:  SUKUTNING XOSIYATI

Bugun kitob haqida, mutolaa haqida davlat rahbarining g‘amxo‘rlik ko‘rsatishiga ilk javob – Maktabgacha ta’lim muassasasi yoshidagi bolajonlar va o‘quvchilarning bolalar nashriga obunasini aynan Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida amalga oshirish kerak. Va yana bu nashrlarni sifatli qog‘ozda bosishni qat’iy yo‘lga qo‘yish muhimdir. Chunki bugungi kun bolasi zehni o‘tkir, ta’bi nozik. U “usti yaltiroq…” nashrlarni tanlab, adashib qolishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak! Aynan bu qarordan ko‘zlangan maqsadning zamirida bolalarga ma’no va mazmun jihatidan yana ham mukammal, ularning ongu tafakkurini ulug‘ ajdodlarimizga munosib tarbiyalashga hissa qo‘shish mujassamdir.

– Bugun axborot texnologiyalari shiddat bilan taraqqiy etayapti. U shubhasiz bolalarimiz hayotiga ham kirib, muhim o‘rin egallab oldi. Kompyuter, planshet, uyali telefon va ularning yonida “G‘uncha” jurnali… Sizningcha, bolalar qay birini tanlaydi? Tanlashi zarur?!

– Yangi texnologiyalar va texnika asri. Har bir zamonning ilg‘or texnologiyalarini yoshlarning o‘zlashtirishi bu ham yutuq. Navoiy davrida ham, balki dunyo yaralgandan buyondir: “yoshlarning ota-bobolariga munosibligi…” haqida mulohazalar bo‘lgan. Hamma zamon o‘zining daholari, ilmu marifat egalarini yetishtirgan. Meni hali maktabga chiqmagan bolaning texnikani tushunishi ajablantiradi – u kompyutermi, planshetmi yo qo‘l telefonimi?! Bolada qiziqish kuchli! Uni yo‘naltirishga aslo befarq bo‘lmasligimiz kerak. Chunki, kim nima istasa topgay begumon, deb donishmandlarimiz bejiz aytmagan…

Bolalarning tanlash imkoniyati haqida so‘z ketsa, bir taniqli aktyorning fikri yodimga tushadi: – Televizor chiqqanda, odamlar endi teatrga tushmaydi, degan o‘yga ham borganmiz. Ammo hammaning tanlash imkoniyati bor – oladigan ma’naviy ehtiyojini hech narsaga alishtirmaydi.

Bugun jurnalimizning yuz mingdan ziyod o‘quvchisi bor. Bir jurnalni kamida ikki-uch bola o‘qiydi. “G‘uncha”ni tanlaganlar sonini endi hisoblayvering… Kelayotgan maktublar – rasmlar, ijod namunalari, tanlovlarga oqib kelayotgan xatlar oqimi bizni quvontiradi. Har bir maktub etiborda – uning ortida kichik qiyofadagi katta inson borligini aslo unutmaymiz. Ular bilan do‘stu qadrdondek, farzandimizdek muomala qilishga harakat qilamiz. Faqat biz ularni yana ham ko‘proq jalb qilishda nimalarga e’tibor bermayapmiz? Bu savol meni ko‘p o‘ylantiradi…

Ijodkor yoshlar orasida negadir bolalar adabiyoti yo‘nalishida ijod qilayotgan yoshlarni kam uchratamiz. Yosh ijodkorlarni tahririyatda jamlash, ularni kelajagimiz bo‘lgan bolalar uchun qog‘oz qoralashga undash, qiziqtirish tahririyat tomoniga ham vazifalar yuklaydi. Bu borada fikringiz qanday?

Yana o‘qing:  Farovon kunlar shukronasi

– Bolalar adabiyotida asarlar hamisha taqchil. Bu balkim nisbiy fikrdir. Bolalar uchun yozilgan asarlar tanlovlarda ko‘rinyapti – u Zomin seminarimi, yoshlar ijodimi… Ularni jamlash borasida o‘zimiz sustlik qilayotganga o‘xshaymiz. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda bolalar uchun yozadigan ijodkorlarni bolalar nashrlariga “bog‘lab” qo‘yish kerak, nazarimda. Hamkorlikda ko‘p ishlar qilish mumkin. Katta adiblarimiz ham bolalarbop ijodini bizga “ilinganda” xursand bo‘lib ketamiz. Bolalar uchun yozadigan har bir yosh ijodkor bilan doimo munosabat o‘rnatamiz. Hatto, topishmoq, tez aytish yozgan o‘quvchini ham rag‘batlantirib, jurnal bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz.

– Bolalar uchun nashriyotlar, ayniqsa, xususiy matbaa korxonalari tomonidan ko‘plab kitoblar chop etilyapti. Ammo ularning barchasi haqida ijobiy fikr bildirish qiyin. Ayni damda matbaachilikni tartibga solish borasida qizg‘in munozaralar olib borilyapti. Menimcha, birinchi galda bolalar uchun chop etilayotgan kitoblarni tartibga solish zarur bo‘lsa kerak. Buning sababi ayon, bolaning qalbi oppoq qog‘oz, unga tomgan siyoh o‘z shaklida saqlanib qoladi.

Bolalar uchun chop etilayotgan har qanday asarning badiiy saviyasini ko‘rib chiqish uchun badiiy kengash joiz emasmikin?!

– Bugun respublikamizning qaysi go‘shasida “Kitob olami”ga kirmang, ko‘zni quvnatadigan kitoblarni qayta-qayta qo‘lga olasiz. Bolalar adabiyotidagi kitoblarning deyarli ko‘pchiligini tarjima asarlari tashkil qiladi. Bu yaxshi. Ammo milliy adabiyotimiz vakillarining bolalar uchun yozgan asarlarini jamlab “Bolalar adabiyoti” seriyasida nashr qilish kerakdir. Kitob o‘qish yaxshi, ammo qanday kitob o‘qish kerakligi hamma narsadan muhim. Bunday nazoratdan bola zada bo‘lib qolmasligi kerak. U kitobdan soviydi.

Yuqorida bola qalbiga tomgan siyoh haqida to‘xtaldingiz. Natija fikrlash va xulosa bilan uyg‘un. Umrning hamma davrida o‘ziga yarasha muammo va kemtikliklar bo‘ladi. Farzandlarimizni kurashib yashashga o‘rgatmog‘imiz kerak. “Kurashgan yutqazishi mumkin, kurashmagan yutqazib bo‘lgan”, deydi donishmandlar…

Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tgim keldi: men ertak qiroli – Andersen, betakror bastakor – Motsart hayoti va ijodi haqidagi filmni har safar katta hayajon bilan ko‘raman. Bu kinolar ham kitob asosida yaratilgan. Qaniydi, bizning ijodkorlar haqida ham shunday kitoblar yozilib, shunday filmlar yaratilsa. Bu bolalarimiz uchun juda katta ahamiyatga ega. Kichkintoylar uchun chop etilayotgan asarlarning badiiy saviyasiga har bir nashriyot kengashi masul bo‘lgani joizdir.

Yana o‘qing:  Yer ostida ham qalampir o‘sadimi?

F. Attor “Hammaning izlagani o‘z qalbidadir”, deydi. O‘sha qalb ko‘zgusida bolaning tiniq va rangin dunyosi aslo xira tortmasligi kerak!

Mazmunli suhbat uchun tashakkur!

Rahmat.

Faxriddin HAYITOV

suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: