10-sinf o‘quvchilari haftada 5 kun o‘qiydi, 1 kun kasb o‘rganadi
Umumta’lim maktablari 9-sinf bitiruvchilarini o‘z hohishiga ko‘ra 10-sinfda o‘qishini davom ettirishi mumkin.
Ayni jaryonda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalariga qamrab olish ishlari ham izchil olib borilmoqda.
O‘quv rejasiga ko‘ra, 10-sinf o‘quvchilari haftada 5 kun umumta’lim fanlarini va 1 kun kasbiy fanlarni o‘rganishi belgilandi. Kasb-hunar kollejlaridan uzoq masofada joylashgan 2 ming 703 ta maktab uchun 1 ming 103 ta maktabda, 6 ming 956 maktab uchun esa 615 ta kollejda o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etiladi.
Maktablarda 10-sinf ochilishi munosabati bilan 22 ming o‘qituvchiga ehtiyoj yuzaga keladi. Shularning 9,5 ming nafari oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari hisobidan, 13 ming nafari litsey va kollejlar o‘qituvchilarini jalb etish hisobidan qoplash rejalashtirilyapti.
2017-2018 o‘quv yilidan boshlab, 10-sinflarda dars beradigan 116 ming nafar o‘qituvchining kasbiy bilimlarini yangilash va chuqurlashtirish maqsadida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi.
10-sinf o‘quvchilari uchun 8,5 million nusxa darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar chop etilib, ayni paytda ta’lim muassasalariga yetkazilmoqda.
Ta’lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash bo‘yicha vertikal tizim yaratilib, vazirlikdan hududlarga 14 nafar, hududiy xalq ta’limi boshqarmalaridan tuman va shaharlarga 195 nafar, tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlaridan har bir maktabga mas’ullar biriktirildi.
Bu yil 1-sinfga qabul qilinadigan 650 ming nafar o‘quvchi uchun “Prezident sovg‘asi” sifatida 12 nomdagi o‘quv qurollari solingan maktab sumkalari tayyorlanib, joylarga to‘liq yetkazildi.
Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev 16 avgust kuni umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim muassasalari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi direktori M.Xolmuxamedov, Xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va ularning o‘rinbosarlarini qabul qildi va hisobotlarini tingladi.