Andijonda Janubiy Koreyalik shifokorlar aholini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamda Janubiy Koreyaning Ewha Womans University gospitali hamkorligida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida tashkil etilgan tadbirda aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, dori-darmon va sanitariya-gigiyena vositalari berildi.
Tashrif doirasida xorijlik shifokorlar Andijon davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashdi. Tibbiy ta’lim va uning samaradorligini oshirish, o‘zaro tajriba almashish yuzasidan muloqot tashkil etildi, ilmiy ma’ruzalar tinglandi, mahorat darslari o‘tkazildi.
– Pediatr, ortoped, psixolog, stomatolog, ginekolog, otolaringolog kabi mutaxassislardan iborat Janubiy koreyalik shifokorlar guruhi aholiga zarur tavsiya va maslahatlar berdi, – deydi “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Andijon viloyati hududiy filiali direktori Tursunboy Berdirahmatov. – Tug‘ma yurak, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari nuqsoni, terining kuyish asoratlari va boshqa jiddiy xastaliklar bilan og‘rigan bemorlar Janubiy Koreyadan keltirilgan zamonaviy tibbiy jihoz va asbob-uskunalar yordamida chuqurlashtirilgan tekshiruvdan o‘tkazildi.
N.Norboboyev