G‘oyibdan kelgani baxtmi?
“Keling, tanishamiz! 120 raqamiga bepul qo‘ng‘iroq qiling. Kunlik to‘lov – 0.08$”. “Lobar qizlar va yigitlar! 1234 raqamida do‘stlashinglar. Qo‘ng‘iroq qiling, suhbatlashing. Narxi arzon: 1 daqiqasi – 0.06$”…
Bu kabi SMS xabarlari kun ora qo‘l telefonimizga kelib, bizni “xursand qiladi”. O‘tgan yili bir tanishim qiziqib, SMSda keltirilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilganligini aytgandi. Uning aytishicha, go‘shakni bir yigit ko‘taribdi. Ular o‘zaro suhbatlashishgan, SMSda aytilganidek, “do‘stlashishgan”. Yigit oilali ekanligini, shunday bo‘lsa-da qizga gaplashib yurishni taklif qilgan.
Bugungi kunda yuzaga kelayotgan oilaviy janjallarning aksariyati aynan telefon qo‘ng‘iroqlari, SMS xabarlar, ijtimoiy tarmoqlar sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas. Bu kabi oilaviy nizolarning ajralishlar bilan yakun topayotgani esa yanada achinarlidir.
Tabiiy savol tug‘iladi, turli uyali aloqa kompaniyalari tomonidan bunday xunuk va axloq-odob me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarni oshkora ravishda amalga oshirilayotganligiga nega befarqmiz? “G‘oyibona tanishuv” orqali orttirilgan “do‘stlar”larning “umri” qancha? Ular nima maqsadni ko‘zlab do‘st tutinishmoqda? Savollar bisyor. Ammo, inkor qilib bo‘lmaydigan haqiqat shuki, baxt hech qachon g‘oyibdan kelmaydi.
Unutmang, o‘z oldiga yuksak marralarni qo‘ygan, ilmga chanqoq, izlanuvchan insonlarning bu kabi behuda tanishuvlarga aslo vaqti yo‘q. Umrning har bir dami g‘animat ekanligini bilib, olg‘a intilayotgan yoshlarni esa shubhasiz buyuk ishlar kutmoqda.
Mo‘tabar XUSHVAQTOVA,
O‘zDJTU talabasi