Harakatlar strategiyasi ta’lim samaradorligini oshirishda muhim dasturilamal
Bugun yurtimizda unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod kamoloti yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu yo‘ldagi sa’y-harakatlar isboti o‘laroq, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1997 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunini keltirib o‘tish mumkin. Ushbu sohadagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2016 yil 12 avgustda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha “Harakatlar strategiya”sini ko‘rish mumkin.
Jumladan, ushbu strategiyaning 4-bandida uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, bolalar maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, ularni sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga jalb qilish, yosh avlodni musiqa va san’at olami bilan bog‘lash maqsadida yangi bolalar sporti ob’yektlari, bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish kabi talablarni Prezidentimiz tomonidan 2021 yilga qadar bajarish masalasining qo‘yilishi, barchamizga kelgusida qiladigan ishlarimizga yo‘llanma bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi.
Ma’lumki, yosh avlodning intelektual va estetik tarbiyasi xususida gap ketganda musiqiy qadriyatlarimiz alohida o‘rin tutadi. Ayniqsa, o‘zbek musiqasiga mansub turfa shaklli kuy-qo‘shiqlarni bolalar ongiga singdirish orqali biz ko‘zlagan maqsadga yetishimiz mumkin. Ta’bir joiz bo‘lsa, ularni jahon musiqa madaniyati durdonalari, dunyo kompozitorlari ijodi va hayot yo‘li bilan tanishtirish ham oldimizga qo‘yilgan muhim vazifalardan sanaladi.
Ta’suflar bo‘lsinkim, bugungi axborot asrida bizni ham chetlab o‘tmayotgan “ommaviy madaniyat” asosan musiqiy janrlar – pop, rok, metall, bleklar va ularning jazavali musiqiy namoyishlari ta’siri ostida kirib kelmoqda. Ulardagi erkin kiyinish uslublari, soch turmaklari, har xil bezak aksessuarlari, kuylash madaniyati, ko‘cha raqslariga yoshlarimiz orasida ko‘r-ko‘rona taqlid kuzatilmoqda. Mavjud muammoga qarshi biz o‘quvchining musiqiy didi va saviyasini shakllantirish, uning tinglash madaniyatini tarbiyalash va ularni milliy musiqa durdonalarimizga muhabbat ruhida kamol toptirish orqali munosib yechim topa olamiz. Agar bu yo‘lda barchamiz “bir yoqadan bosh chiqarib” harakat qilmas ekanmiz, ertaga kech bo‘lishi mumkin. Chunki, farzandlarimiz kelajagi yo‘lida vaqt ajratmasak, ularga vaqt ajratadigan “mehribon inson”lar albatta topiladi. Bunga esa aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Feruzaxon XOLIQOVA,
TDPU talabasi