Sepkil qayerdan paydo bo‘ladi?
Sepkil – teridagi mayda pigment dog‘lar. U asosan yuz, qo‘l panjasi, ba’zan badanda paydo bo‘ladi. Sepkilning yuzaga kelishiga inson terisidagi melanin bo‘yoq moddasi sabab bo‘ladi. U qizg‘ish va sariq sochli odamlarda ko‘p uchraydi. Sepkilning rangi quyosh va issiqlikning ta’siriga qarab bug‘doyrangdan tortib to‘q qo‘ng‘ir ranggacha bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, quyosh nuri sepkil alomatlarini ko‘paytiradi.
Sepkilning nasldan naslga o‘tish holatlari ham kuzatiladi. Lekin uning rivojlanishiga sabab bo‘luvchi genlar hali aniqlangani yo‘q.
Odatda sepkil bolalarning 5–6 yoshlik paytlarida paydo bo‘ladi, 30 yoshdan keyin esa ularning miqdori kamaya boshlaydi. Agar chaqaloq ultrabinafsha nurlariga o‘ta ta’sirchan bo‘lsa, 1-2 yoshlaridanoq uning terisida yallig‘lovchi qizil dog‘lar paydo bo‘ladi va keyinchalik sepkilga o‘xshash ko‘rinishga keladi. Bunday xolatlarda maxsus muolaja olish talab etiladi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.