QATRALAR
Lolalar chorlaydi
Morguzar tog‘iga ulashib ketadigan Takatosh darasida ulkan-ulkan qoyalar turtib chiqib turadi. Uning kungay joylarida kichik-kichik o‘simlik unsa bo‘ladigan joylar bor. Shu yerlarda barq urib, ertagi lolalar, turfa chechaklar unib-o‘sadi. Bir necha kunlik umri bilan tabiat ixlosmandlarining qalbiga yuksak tuyg‘ular soladi. Ularga qarab beixtiyor xitob qilging keladi.
Sen ustoz Oybekning «Na’matak» she’rini eslatayapsan. Shunchalar jasorat, shunchalar mardlik! Bir lahzalik umring bilan mangu hayot tantanasini bayon qilayotganga o‘xshayapsan. Bu yerlarda Vatan ozodligi uchun yurt o‘g‘lonlarining qoni to‘kilgan deyishadi. Sening qizilliging shularning aksi emasmi, mabodo!
Hayot kurtagi
Tabiat naqadar odil, u o‘zini asrab- avaylashni biladi. Kuzda masalaning mohiyatiga yetmaganlar daraxt tagiga tushgan bargi xazonlarni yig‘ib, olovga yoqadilar. Bu daraxtning ildizlari ustiga yonayotgan «ko‘rpa»sini olish bilan barobardir. Tishingiz har qancha mustahkam bo‘lsa ham, u bilan shaftoli danagini chaqolmaysiz. Bahorda esa yumshoqqina urug‘ osongina qobiqni yorib chiqadi. Shunday qilmasa hayot kurtagini saqlab qololmaydi-da! O‘sib turgan dov-daraxtlarga pichoq bilan o‘yib nomini yozuvchilar topiladi. Tilsiz tabiat jarohat yetgan joyni shaffof parda bilan o‘raydi, tashqi ta’sirlardan asraydi. Qurib qolishdan saqlaydi. Bora-bora jarohat bitadi, lekin tig‘ bilan o‘yib yozilgan belgilar tamg‘aday daraxt tanasida qoladi.
Ona tabiatning gultoji bo‘lgan insonning ezgu tuyg‘ularini asrashni o‘rganayapti. Bahor chog‘larida ezgulik kurtaklari nish uradi. O‘zbekona bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik, bir-biriga yordam ko‘rsatish shundan.
Non hidi
– Shunday qilib Samarqand yer yuziga noni bilan ham mashhur deng?
– Shunday, bu haqda sohibqiron Amir Temur bobomiz nomi bilan bog‘liq rivoyat ham bor…
– Aytib bering bo‘lmasa…
Suhbatdoshim Mirumar aka bundan olti asr ilgarigi voqealarni xayolidan qayta gavdalantirayotganini sezdim. Uning manglayidagi chiziqlar ko‘payganday bo‘ldi. O‘siq qoshlari bir-biriga tutashganday…
…. Sohibqiron yer yuzida adolat o‘rnatish uchun yurish qilganida hamisha Samarqanddan non keltirib tanovvul qilarkan. Bir safar xos novvoyini ham o‘ziga hamroh qilibdi. Borgan joyiga tandir qurishibdi. Tandir oqartirilib, non yopilibdi. Novvoy har qancha mahoratini ishga solib harakat qilmasin natija o‘ylagancha chiqmabdi. Non Samarqanddagiday shirin emasmish, og‘izda qaymoqday erib ketmasmish…
Sababini bilsada Sohibqiron sir bermaydi.
– Avf eting olampanoh, Samarqandning tandirini, o‘tinini, suvini, qayroqi bug‘doydan bo‘lgan unini, olib keloldim, ammo uning havosini…
Sohibqiron ertaga non yopib kelish uchun novvoyini Samarqandga jo‘natibdi…
…. Mirumar akaning xayolini band etgan xotiralar Samarqand havosiday musaffo, tongiday tiniq, noniga ta’m berar darajada beg‘ubor ekani sezilib turardi.
Pardaboy TOJIBOYEV