Maxsus kiyim bel og‘rig‘idan himoya qiladi
Ko‘p odamlar bel og‘rig‘idan aziyat chekadi, unga qarshi kurashishning samarali usullari esa kam. Vanderbilt universiteti injenerlari belga og‘irlik tushirmaydigan kiyim ixtiro qilishdi.
Kiyimning ko‘krak va oyoq qismlari pishiq kamar bilan bog‘lanadi. Bel sohasida esa tabiiy kauchuk joylashgan. Mutaxassislar bu ixtirolarini super qahramonlarning kiyimiga tenglashtirmoqda. Qurilmani Bluetooth orqali maxsus ilova yordamida boshqariladi. Ushbu kiyim ko‘krak qismi yengil bosilganidan so‘ng ishga tushadi.
Foydalanuvchilar uni kerak paytda yoqishlari mumkin. Kiyim yoqilgan paytda cho‘ziluvchan kamar tarang bog‘lanadi va foydalanuvchi og‘ir yuk ko‘targanida tushgan bosim kamarga o‘tib ketadi. Olimlar sakkiz kishi ishtirokida tajriba o‘tkazdi. Qatnashchilar egilib 11–25 kilogramm yukni 30, 60 va 90 gradusda ko‘tarishdi. Maxsus kiyim bel qismlaridagi muskullar faolligini o‘rtacha 15–45 foizga kamaytirishi ma’lum bo‘ldi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.