Olimlar inson embrioni DNKsidan kasalliklarga sabab bo‘luvchi genni “kesib olishdi”
AQSHda bir guruh amerikalik va janubiy koreyalik olimlar inson embrioni DNKsidan kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘ladigan genni olib tashlashdi. Bu haqidagi tadqiqot Nature jurnalida e’lon qilingan.
Olimlar CRISPR-Cas9 — genni tahrirlash vositasida mutatsiyali genni ajratib olishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu gen har besh yuz odamdan birida uchraydigan hamda kutilmagan o‘limga sabab bo‘luvchi yurak xastaligi — gipertrofik kardiomiopatiyaga olib keladi.
Eksperiment 58 ta holatdan 42 tasida, ya’ni 72 foiz holatda muvaffaqiyatli chiqdi. Embrionlar besh sutkalik rivojlanishidan so‘ng yo‘q qilib tashlandi.
Eksperiment paytida olimlar 12 ta sog‘lom ayolni genida tegishli mutatsiya bo‘lgan erkaklar urug‘lari bilan urug‘lantirishdi. Bir vaqtning o‘zida ular ayol tuxum to‘qimalariga CRISPR-Cas9ni qo‘shishdi, u esa o‘z navbatida erkak kishining DNKsidan mutatsiyalangan genni ajratib oldi.
The New York Times gazetasining yozishicha, olimlar DNKni “tuzatish” uchun yaratilgan sog‘lom sun’iy genni tuxum to‘qimasiga joylashdi. Ammo embrionlar uning o‘rniga ona-DNKning sog‘lom genidan foydalanishgan. “Biz shuni aniqladikki, agar genning sog‘lom nusxasi bo‘lsa, embrionlar o‘zini o‘zi “tuzatishadi”, dedi olimlardan biri Shuhrat Mitalipov*.
Bu tadqiqot ko‘zsatdiki, inson genini CRISPR-Cas9 yordamida o‘zgartirish hamda “dizaynerlik” bolalarini (muayyan ko‘z rangi, qomatli va boshqa shakllar) yaratish birmuncha murakkab hisoblanadi.
Olimlar aytishicha, DNKda hech qanaqa noxush o‘zgarishlar qayd etilmagan. Bunday o‘zgarishlar avvalroq Xitoyda o‘tkazilgan tadqiqotlarda yuz bergan edi.
Shuni qayd etish kerakki, embrionlar genlarini tahrirlash axloqiy nuqtai nazardan jiddiy bahslarga sabab bo‘lib keladi. Tanqidchilar “dizaynerlik” bolalari yaratilishi ehtimolidan xavfsirashadi, shuningdek, ularning qayd etishicha, tahrirlangan genomli odamdagi har qanday o‘zgarishlar uning avlodlariga o‘tadi. AQSHda bunday tadqiqotlarga jiddiy cheklovlar qo‘yilgan. Kasalliklar olib keluvchi genlarni tahrirlash bo‘yicha tadqiqotlar Xitoyda o‘tkazilgan bo‘lib, muvaffaqiyatli chiqmagan.
Shuhrat Mitalipovning qayd etishicha, Amerika hududida tahrirlangan DNKli embrionlarni ayollar bachadoniga joylashtirish bo‘yicha klinik tadqiqotlar o‘tkazishning iloji yo‘q. Bunday texnologiyalar ushbu soha u darajada tartibga solinmagan mamlakatlarga o‘tib ketadi.
Shuhrat Mitalipov asli olmaotalik bo‘lib, Rossiya tibbiy ta’lim muassasalarida tahsil olgan. 1995 yildan beri AQSHda tadqiqot olib boradi.
Manba: sof.uz