Miyani yoshartiruvchi mahsulotlar
Ko‘k bargli sabzavotlar tarkibida sog‘liq uchun zarur bo‘lgan lyutein moddasi bo‘ladi. Ismaloq, ayniqsa bu moddaga boy hisoblanadi. Lyutein tanada ishlab chiqarilmaydi, organizmga oziq-ovqat orqali kiradi. Uni ismaloq va tuxum tarkibidan ham topish mumkin.
Lyutein bosh miya to‘qimalari va ko‘zlarda to‘planadi. Olimlar uning ta’sirini 25–45 yoshlardagi 60 nafar odam misolida tadqiq qildi. Unga ko‘ra, organizmida lyutein miqdori ko‘p odamlar neyron reaksiyasi jihatidan ancha yosh ko‘rinishi ma’lum bo‘ldi. Demak, bu modda miyani yosh o‘zgarishlaridan himoya qiladi.
Shuningdek, Linchyoping (Shvetsiya) universiteti olimlari lyutein yallig‘lanishga qarshi samarali kurashishini aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, organizmdagi yallig‘lanish yurak yetishmovchiligi bilan chambarchas bog‘liq. Yangi tadqiqotda ushbu hastalikka yo‘liqqan 193 kishi qatnashdi.
Olimlar ishtirokchilarning qonidagi oltita keng tarqalgan tabiiy pigmentlarni, jumladan, lyutein miqdorini o‘lchab ko‘rishdi. Tadqiqot qonda lyutein qancha ko‘p bo‘lsa, yallig‘lanish shuncha kam bo‘lishini va immun tizimidagi yallig‘lovchi hujayralar faolligi pasayishini ko‘rsatdi.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.