Eng yaxshi axborot-kutubxona markazi aniqlandi

Eng yaxshi axborot-kutubxona markazi Farg‘onada “Eng yaxshi axborot-kutubxona markazi – 2017” tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobga qiziqishini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish, axborot-kutubxona markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mustaqillik yillarida jamiyatimizda kutubxonalarning o‘rni tubdan o‘zgardi. Ular faoliyatiga innovatsion ishlanmalar, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatishning yangi shakl va uslublari joriy etildi. Kutubxonalarda kitob fondini muntazam yangilash va boyitish, ilmiy-ma’rifiy, badiiy adabiyotlarning elektron shakllarini yaratish, tezkor va sifatli axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Aholining intellektual, ma’naviy va madaniy darajasini yuksaltirishda axborot-kutubxona markazlarining ahamiyati tobora ortmoqda.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12 yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilayotir.

Sohadagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, axborot-kutubxona markazlari mutaxassislarining professional mahoratini oshirishda an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Eng yaxshi axborot-kutubxona markazi” tanlovining alohida o‘rni bor.

– Axborot-kutubxona muassasalarining faoliyatini davr ruhi bilan hamohang yo‘lga qo‘yish, sohaga ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, ularning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Respublika axborot-kutubxona markazi direktori Alisher Otaqo‘ziyev. – Albatta, bugungi kunda kitobxonlikni targ‘ib etishda soha mutaxassislarining bilim va malakasi muhim o‘rin tutadi. Mazkur tanlov ham axborot-kutubxonalardagi tajribalar bilan tanishish, soha xodimlari faoliyatini va zamonaviy xizmat ko‘rsatishni yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Tanlovning mamlakat bosqichida 14 jamoa turli shartlar bo‘yicha bahslashdi. Unda xodimlarning ishga ijodiy yondashuvi, axborot-kutubxona faoliyati, axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatish sohasida innovatsion loyiha ishlab chiqish, mutolaa madaniyati, kitobxonlikni targ‘ib etish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Farg‘ona viloyati axborot-kutubxona markazining “Ahmad Farg‘oniy” jamoasi g‘olib bo‘ldi. Shuningdek, “Axborot-kutubxona markazining eng yaxshi mutaxassisi”, “Axborot-kutubxona faoliyati va mutolaa madaniyati”, “Yilning eng faol yosh mutaxassisi” yo‘nalishlarida g‘oliblar aniqlandi.

Ma’sudjon Sulaymonov,

O‘zA

Yana o‘qing:  Xushxabar, raqamlar (2015-4)

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: