Podagra qanday kasallik? Uning oldini olishda nimalarga e’tibor berish zarur?
Ushbu xastalik bemorlarda qaytalanuvchi o‘tkir artrit va podagrik tugun (shish)lar – tofuslar hosil bo‘lishi bilan kechadi. Bo‘g‘imlar zararlanishi bilan birga buyraklarning shikastlanishi ham podagraning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi.
Podagra (grekcha so‘zdan olingan bo‘lib “oyoq qopqoni” degan ma’noni bildiradi) – metabolizm (moddalar almashinuvi)ning buzilishi natijasida yuzaga keladigan kasallik bo‘lib, organizmning turli to‘qimalariga natriy monourati ko‘rinishida urat tuzlari va siydik kislotasi kristallari to‘planishi bilan tavsiflanadi. Ushbu xastalik asosida organizmda peshob kislotasining yig‘ilishi va uning buyraklar orqali chiqarilishining buzilishi yotadi. Bu holat qonda shu kislotaning ko‘payishi (giperurikemiya)ga olib keladi.
Bu dard ko‘proq erkaklarda uchraydi. Lekin oxirgi vaqtlarda ushbu xastalik ayollar o‘rtasida ham tez-tez uchrab turibdi. Katta yoshli aholi o‘rtasida kasallik ko‘p aniqlanadi.
Tarixiy ma’lumotlarga nazar solinsa, podagraning ancha qadimdan ma’lumligi ko‘rinadi. Kasallik xaqidagi eng dastlabki hujjatlar Misr davlatida eramizdan avvalgi 2600 yilda qayd etilgan. Ular oyoq panjasidagi katta barmoqdagi artritning ta’riflanishiga asoslanadi. Yunon shifokori Gippokrat eramizdan avvalgi V asrda o‘zining “Aforizmlar”ida kasallik ayollarda menopauza (klimaks)gacha uchramasligini aytib o‘tgan. 1679 yilda golland olimi Antoni Van Levenguk birinchi marotaba peshob kislotasi kristallarini mikroskopik tuzilishini ta’riflab bergan. 1899 yilda podagrik artrit xurujida bo‘g‘im suyuqligida urat kristallari aniqlangan. O‘rta asrda va XX asrgacha asosan podagra bilan boy va taniqli shaxslar kasallangan. Shuning uchun podagra dardi “aristokratlar xastaligi” deb atalgan. Kasallik ortiqcha tana vazni, ko‘p ovqat iste’mol qilish (asosan go‘sht mahsulotlari), alkogol suiste’moli bilan bog‘liq deb sanalgan.
Menopauzagacha ayollar podagra bilan kamdan kam holatlarda kasallanadi. Ehtimol bu estrogenlarning peshob kislotasiga ijobiy ta’siri oqibatidir. O‘smirlar va yoshlarda podagrik o‘tkir xuruj juda kam hollarda uchraydi. Odatda bu holat siydik kislotasi sintezining birlamchi (tug‘ma) va ikkilamchi nuqsonidan kelib chiqadi.
Kasallikning rivojlanishidagi xavf omillari
Podagraning kelib chiqishi va rivojlanishiga ta’sir qiluvchi bir qator salbiy omillar mavjud: Ushbu xavf omillariga arterial gipertoniya, giperlipidemiya kabi kasalliklar kiradi. Shuningdek, organizmga ko‘p miqdorda purin asoslarining tushishi, masalan, ko‘p miqdorda qizil go‘sht iste’mol qilish, baliqning ba’zi xillari, kofe, kakao, choy, shokolad, no‘xat, alkogol ayniqsa, o‘zida peshob kislotasining dastlabki mahsuloti bo‘lgan guanozin va ksantin moddasini saqlovchi ichimlik – pivo ichish ham sabab bo‘ladi. Purin nukleotidlari katabolizmining ortishi masalan, o‘smaga qarshi davolash muolajalarida autoimmun kasalliklaridagi kuchli apoptozda ham kuzatiladi. Yana siydik kislotasining peshob bilan ajralishining susayishi ya’ni, buyrak yetishmovchiligida ham bemorning ahvoli tang bo‘ladi. Peshob kislotasining organizmdan chiqarilishi pasayishi bilan bir vaqtda uning qayta ishlab chiqarilishi, masalan sintezining ortishi (alkogol suiste’moli, shok holatlarida) xasta ancha bezovta bo‘ladi. Bu xastalikka nasliy moyillik bo‘lishi ehtimoli ham yuqori.
Dardning kechish jarayoni – patogenezi
Kasallik patogenezi asosida qonda peshob kislotasining ortishi yotadi. Lekin bu belgi giperurikemiya va boshqa kasalliklarda ham uchraydi. Qon kasalliklari, o‘smalar, buyrak kasalliklari, haddan ziyod jismoniy zo‘riqish, yog‘li ovqatlarni iste’mol qilishda ham siydik kislotasi qonda ko‘payib ketadi.
Podagraning kelib chiqishida uchta asosiy element mavjud:
Peshob kislotasi birikmalarining organizmda to‘planishi va ushbu birikmalarning a’zo va to‘qimalarda yig‘ilishi tufayli dard rivojlanadi.
Zararlangan sohalarda o‘tkir yallig‘lanish xurujlari, asosan bo‘g‘imlar atrofida podagrik tugunchalar va tofuslar hosil bo‘lishi kuzatiladi.
Ushbu xastalikning to‘liq rivojlanishi to‘rt bosqichdan iborat:
Belgisiz giperurikemiya, o‘tkir podagrik artrit va xurujlar orasidagi davr hamda bo‘g‘imlarda surunkali moddalar almashinuvi jarayonlarining buzilishi sababli zararli xiltlarning yig‘ilishi.
Nefrolitiaz birinchidan boshqa har qaysi bosqichda rivojlanishi mumkin. Qonda va peshobda siydik kislotasining zichligi doimiy ravishda ortib boradi. Bemorda bo‘g‘imlarda kuchli og‘riq va harorat ko‘tarilishi bilan kechuvchi monoartrit (bitta bo‘g‘imning og‘rishi) ko‘rinishidagi yallig‘lanish, nefroskleroz va buyrak yetishmovchiligi bilan yakunlanuvchi urolitiaz va qaytalanuvchi piyelonefritlar kuzatiladi.
Tashxis qo‘yish
Bo‘g‘imlarning sinovial bo‘shlig‘idagi suyuqlikda siydik kislotasi kristallari va to‘qimalarda urat tuzlarining yig‘ilishini laboratoriyada biokimyoviy tahlil va mikroskopik usul yordamida aniqlash mumkin.
Ikkita va undan ko‘p diagnostik ko‘rsatkichni aniqlash bemorda podagra tashxisini qo‘yishga asos bo‘ladi.
Ushbu kasallik tarixining bayonida bemorda ikki marotaba oyoq bo‘g‘imlarida shish va kuchli og‘riq xuruji kuzatilgan bo‘lishi kerak. Xurujlar dardning erta bosqichlarida to‘satdan kuchli og‘riq bilan boshlanadi va 1-2 hafta ichida to‘liq klinik sog‘ayish ro‘y beradi. Podagrik xuruj oyoqning bosh barmog‘idagi yallig‘lanish bilan yuzaga keladi. Unda klinik jihatdan isbotlangan tofus (shish)lar kuzatiladi.
Bemorning kasallik tarixida xastalikning aniq belgilarining ko‘rsatilishi uning organizmida kolxitsin dori vositasiga nisbatan tez javob reaksiyasi bo‘lishi, ya’ni davo muolajalari boshlangandan so‘ng 48 soat ichida yallig‘lanish belgilarining kamayishi kuzatiladi. Rentgen tekshiruvi tashxisning majburiy usullar ro‘yxatiga kiritilmagan. Lekin ushbu tekshirish usuli to‘qimalarda tofuslar yig‘ilishi va qayta-qayta yallig‘lanish oqibatida suyak to‘qimalarining zararlanishini ko‘rsatishi mumkin. Rentgen tekshiruv usuli surunkali podagraning bo‘g‘imlarga qanchalik salbiy ta’sir etishini nazorat qilishga yordam beradi.
Giperurikemiyani (qonda siydik kislotasi miqdorining oshib ketishi) aniqlashning o‘zi podagra tashxisini qo‘yish uchun yetarli emas. Chunki, qonida bor-yo‘g‘i 10 foiz giperurikemiya aniqlangan bemorlar podagra bilan og‘riydi.
Davolash
Birinchi marotaba podagra xastaligi aniqlangan bemorlar viloyat va shahar klinik shifoxonalarining ixtisoslashtirilgan revmatologik bo‘limlarida davolanishlari zarur. Xastalik qo‘zg‘almagan (remissiya) davrida bemorlarga davo muolajalari buyurilib, ular yashash joyi bo‘yicha mahalliy poliklinikalarda revmatolog va nefrolog nazoratida bo‘lishlari shart.
Parhez
Bemorning tezda oyoqqa turishida parhezning ham ahamiyati katta. Ushbu tavsiyalar asosan purin moddasi va alkogol iste’molini chegaralashga qaratilgan. Purinni yuqori miqdorda saqlovchi go‘sht va baliq, kakao, kofe, choy kabi mahsulotlardir. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra tana vazni uglevodlar va kaloriyali ovqatlar iste’molini chegaralash hamda o‘simlik oqsili va to‘yinmagan yog‘larni iste’mol qilishni ko‘paytirish bilan qonda ortiqcha xolesterin va siydik kislotasi zichligini kamaytirish mumkin.
Podagra xurujining oldini olish choralari
Iloji boricha kasallangan bo‘g‘imni zo‘riqtirmaslik lozim. Vaqti-vaqti bilan uni ko‘tarilgan holatda ushlab turib, 15-20 daqiqadan kuniga 2-3 marotaba bo‘g‘im ustiga og‘riq pasayguncha muz qo‘yish zarur. Aspirinni suiste’mol qilib bo‘lmaydi. Chunki, u siydik kislotasining qondagi miqdorini ko‘paytirishi va kasallik belgilarini kuchaytirishi mumkin. Doimiy ravishda qonda peshob kislotasi miqdorini o‘lchab turish lozim. Har kuni yarim soatdan ko‘proq jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish kerak. Ochiq havoda ko‘proq sayr qilish, velosipedda yurish, raqs tushish, suzish kerak. Ertalabki badantarbiya ham muhim o‘rin tutadi. Sport bilan shug‘ullanish bemor uchun har qanday dori vositasidan foydaliroq va ko‘proq samara beradi.
Kuniga 2 litrdan kam bo‘lmagan toza suv ichish kerak. Buyraklar siydik kislotasini qondan yuvib chiqarishi uchun bemor har qanday suyuqlik (kofe, choy, sharbat) emas, aynan toza suv ichishi kerak. Organizm yetarli toza suv bilan ta’minlanmasa hatto, sog‘lom buyraklar ham qonni xiltlardan tozalay olmaydi.
Qonda minerallar miqdorini aniqlab, zarur bo‘lganda bemorning taomnomasiga vitamin va minerallar kompleksi qo‘shiladi. Ayniqsa, podagrada organizmga S vitamini zarur bo‘ladi. Benzoat natriy saqlovchi gazli ichimliklar, kukunli meva sharbatlari, algkogol ichishni bemorga man etish kerak.
Ovqat ratsionini meva va sabzavotlar va turli yorma donli mahsulotlar bilan boyitish lozim. Xasta kishilar hayvon oqsili iste’mol qilishni kuniga 120 gramdan oshirmasliklari shart. Yana ularga yarim tayyor mahsulotlar va yog‘li kolbasa mahsulotlarini tanovul etish tavsiya etilmaydi.
Nozima YUSUPOVA,
Abu Ali ibn Sino nomidagi 1–Respublika klinik
shifoxonasining “Kardiorevmatologiya” bo‘limi shifokori