O‘zbekistonlik uch talaba BMT Bosh Assambleyasida so‘zga chiqdi
BMT tomonidan talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan «Ko‘p til – bir olam» insholar tanlovida o‘zbekistonlik uch nafar talaba g‘olib chiqdi. Bu haqda BMT axborot xizmati xabar bermoqda.
O‘zbekistonlik talabalar Nargiza Muxtorova, Sohib Saidov va Nigina Fayzullo qizi rus tilidagi insholar tanlovida g‘oliblar orasidan joy egallashdi.
Tanlovning birinchi bosqichida dunyoning 170 ta mamlakatidan 6 mingdan ortiq talaba qatnashdi. Ular o‘z insholarini BMTning rasmiy tillari – ingliz, arab, fransuz, ispan, xitoy va rus tillarida taqdim etishdi.
Har bir til yo‘nalishida 10 tadan — umumiy hisobda 60 nafar g‘olib e’lon qilindi.
Tanlovning barcha g‘oliblari Xalqaro yoshlar forumida ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar va Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasi zalida so‘zga chiqdilar.