Tibbiyot muzeyiga sayohat

«Kasalni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal». Bu ibora shifokorlar tomonidan ko‘p qo‘llaniladi. Biroq, hamisha ham insonlar tibbiy savodxonlikka amal qilishavermaydi. Ko‘pchilik biror joyi og‘risa darrov tez yordam chaqiradi, yoki shifokorga murojaat etadi. Joningiz og‘rib, ko‘zingizga dunyo tor ko‘rinib turgan paytda oq xalatli shifokorlar atrofingizda parvona bo‘lishadi.

Tibbiyotning rivojlanish tarixi bilan hech qiziqib ko‘rganmisiz? Men Xalqaro muzeylar kuni arafasida K.Zoirov nomidagi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash muzeyida bo‘ldim. Mazkur muzey 1973 yilda tashkil etilgan bo‘lib, poytaxtimizning markaziy ko‘chalaridan birida joylashgan. Bu yerda saqlanayotgan eksponatlar respublikamizda tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasining ilk davrlaridan boshlab hozirgi kunga qadar rivojlanish yo‘llari haqida ma’lumot beradi.

Muzey markazidan joy olgan buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoga bag‘ishlangan memorial zal, u yerdagi qiziqarli eksponatlar diqqatingizni tortadi. Devor sahnidan joy olgan buyuk allomaning besh jildli «Tib qonunlari» asari taniqli o‘zbek olimlari tomonidan arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Shuningdek, noyob ko‘rgazmalardan biri hisoblanuvchi tibbiy asboblar kolleksiyasi maketchi T.Izmestyev tomonidan tabobat ilmi sultoni Abu Ali ibn Sinoning «Tib qonunlari» asari asosida yaratilganligi ta’kidlanadi.

Navbatdagi muzey xonalarining birida IX-XI asrlarda Ma’mun akademiyasida faoliyat olib borgan al Xorazmiy, al-Qasi, Abu Abdulloh Iloqiy, Abu Sahl Masihiy, Abu Nasr ibn A’ron, al Beruniy, Abu Mansur Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek kabi olimlar, shifokorlar, buyuk allomalarning badiiy rasmlari joy olgan. Ayniqsa, o‘sha davr­da bemorlarni davolashda ishlatilgan idishlar, asbob-uskunalar diqqatingizni tortadi.

Asosiy xonalardan birida Germaniyaning Drezden shahridagi Gigiyena muzeyidan keltirilgan «Shisha odam» modeli ham muzeyning eng muhim eksponatlaridan biridir. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi miqyosida bor-yo‘g‘i yetti nusxada mavjud bo‘lgan ushbu eksponatning biri bizning yurtimizga ham keltirilgan. Erkak kishi bo‘y basti to‘la namoyon ettirilgan eksponatning shisha qobig‘i orqali ichki a’zolar – asab, yurak — tomir tizimi, nafas, me’da-ichak va boshqa a’zolar chiroq yordamida galma-gal yoritiladi. Shu xonaning chap tomonida «O‘g‘il bola gigiyenasi» zalida kashandalik, pala-partish jinsiy hayot kechirish natijasida kelib chiqadigan kasalliklar haqida anatomik preparatlar, mulyajlar orqali tushuncha berilgan. Yuqumli kasalliklardan OIV va OITS to‘g‘risida ham ko‘rgazmalar mavjud.

Yana o‘qing:  Dardga malham “DILCHYeHRA”

O‘ng tomondagi «Qiz bola gigiyenasi» xonasida ham qiz bolaning jismoniy va ruhiy rivojlanish bosqichlari, uning to‘g‘ri ovqatlanishi, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishning salomatlikka ta’siri, shu qatorda jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar va uning oqibatlari mulyajlarda ko‘rsatilgan. «Ona va bola» ko‘rgazmasi ham qiziqarli ma’lumotlar va eksponatlar bilan boyitilgan. Zamonaviy tug‘ruqxona majmuasi maketi ham shu joydan o‘rin olgan.

Muzeyning «Gigiyena» bo‘limiga bag‘ishlangan ko‘rgazmada salomatlik ma’budi Gigoyaning gipsdan yasalgan eksponati joy olgan. Gigiyena so‘zi ham shundan olingan bo‘lib, muzeyga kelganlar elektrlashtirilgan ko‘rgazmalar yordamida havo va ovqatlanish, bolalar va o‘smirlar, tuproq, suv, turarjoy gigiyenasi bilan tanishadilar.

Keyingi xonadagi XIX asr o‘rtalaridan XX asr boshlarigacha O‘zbekistonda tibbiyot tarixi ko‘rgazmasida qiziqarli ma’lumotlar joy olgan. Taniqli olim, jarroh, professor P.Borovskiy byusti e’tiboringizni tortadi. Uning nomi bilan atalgan tibbiyot kolleji nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijiy davlatlardagi nufuzi haqida uning jarrohlik sohasi rivojiga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. O‘sha davrdagi Toshkent bozori, birinchi dorixonaning ko‘rinishi, Buxorodagi «Labi hovuz» majmuasidagi tabiblarning tibbiy anjomlariga qarab o‘sha davr hayoti beixtiyor ko‘z oldingizda namoyon bo‘ladi.

Ikkinchi Jahon urushi davridagi o‘zbekistonlik shifokorlarning jang maydonlari hamda front ortidagi jasoratlari haqida hikoya qiluvchi alohida memorial zal mavjud. Urush qatnashchilarining qator fotosuratlari, shaxsiy buyumlari, orden-medallari, mashhur olim-jarroh N.Bogorazning operatsiya stoli, amerikalik shifokorlar tomonidan sovg‘a etilgan tibbiy sterilizator va boshqa tibbiy asbob uskunalar namoyish etilgan.

XX asr oxiri va XXI asr boshlaridagi tibbiyotning rivojlanish bosqichlari hamda bu ishga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan yurtdoshlarimiz tom ma’nodagi o‘z ishining ustalari taniqli shifokor, olimlar K.Zoirov, neyroxirurg M.Qoriyev, nevropatolog V.Majidov, E.Ataxonov, taniqli olim-jarroh V.Vohidov kabi qator shu soha fidoyilarining fotosuratlari, shaxsiy buyumlari, ilmiy kitoblari e’tiboringizni tortadi.

– 2013 – «Obod turmush yili»da mazkur muzey faoliyatiga 40 yil to‘ladi. Shu bois muzey eksponatlarini yangilash, ayniqsa O‘zbekistonning mustaqillik yillarida tibbiyot sohasida amalga oshirilgan keng islohotlar, bu boradagi yutuqlar haqida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lgan ko‘rgazmalar yaratish muzey xodimlari va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidagi tibbiy-ilmiy markazlar muassasalari oldida turgan dolzarb vazifalardan biridir. Bu borada kerakli ma’lumotlar to‘plash ishlari boshlab yuborilgan, – deydi muzey direktori V.Bolkunov.

Yana o‘qing:  MUZEYGA EMAS, KO‘NGILGA SAFAR

Muzeyga maktab, litsey, kollej o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talabalari hamda turli tashkilotlardan mehmonlar tez-tez kelib turishadi. Bir yil hisobida muzey jamoasi 25 ming nafarga yaqin tomoshabinni qabul qiladi. Ayniqsa, tibbiyot muassasalari xodimlari va Toshkent vrachlar malakasini oshirish ins­tituti tinglovchilari tez-te kelib turishadi. Muzeyda faoliyat olib borayotgan jamoa a’zolaridan O.Zokirov, L.Orlova, M.Ro‘ziyeva, D.Ummatova, J.Kazakova, A.Bochilova, U.Peltabayevalar mehmonlarni ochiq chehra, shirin so‘z bilan qarshi oladilar.

Respublikamizda sog‘liqni saqlash sohasida erishilgan yutuqlarni aholiga yetkazish sanitariya-gigiyena madaniyatini oshirish maqsadida tibbiy bilimlarni keng targ‘ib qilayotgan muzey jamoasini 18 may – Xalqaro muzeylar kuni bilan muborakbod etamiz.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: