Sog‘liqni saqlash vazirligi: sifatli va arzon dori ta’minoti hamisha nazoratda
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirish, kadrlar ta’minotini yaxshilashga qaratilgan islohotlar jadallik bilan olib borilmoqda.
Qisqa fursat ichida davlatimiz rahbarining sohaga doir o‘ndan ortiq farmon hamda qarorlari qabul qilinib, hayotga tatbiq etilayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. Xususan, aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish, birlamchi tibbiyot tizimini yanada yaxshilash, tibbiy ta’limni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, ixtisoslashgan tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirishga doir me’yoriy hujjatlar bugun har bir tibbiyot xodimi uchun dasturilamalga aylandi.
Shu yilning 17 iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjatda aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan uzluksiz ta’minlash, sun’iy taqchillik va narxlarning oshirib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilangan.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida mazkur qaror ijrosiga mas’ul bo‘lgan ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbar xodimlari, tegishli boshqarma boshliqlari, vazirlik tasarrufidagi ta’lim va davolash-profilaktika muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov raisligida o‘tkazildi.
O‘z kirish so‘zida A.Shodmonov 6 iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi videoselektor yig‘ilishda tanqidiy tahlil qilingan masalalarga to‘xtalib, sog‘liqni saqlash xodimlari oldida nihoyatda katta va mas’uliyatli vazifa turganini ta’kidlab o‘tdi.
Darhaqiqat, jamiyatning bebaho boyligi bo‘lgan inson salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish bilan bog‘liq vazifalarga yurtimizda davlat darajasida e’tibor qaratib kelinmoqda. Chunki bu soha har bir odamning kundalik hayotiga daxldordir.
Prezidentimizning 2016 yil 31 oktyabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2017 yilning 1 yanvaridan dori vositalariga narx belgilash bilan bog‘liq yangi tartib-qoida joriy etildi. Ya’ni chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqariladigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining narxi sezilarli pasaydi. Prezidentimizning shu yil 17 iyuldagi “Aholini dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi navbatdagi qarori mazkur hujjatning mantiqiy davomi bo‘ldi.
— Ushbu huquqiy hujjatlar ijrosi biz — tibbiyot xodimlari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Buni har birimiz his qilishimiz lozim, — deydi respublika sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov. — Chunki, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, sog‘liqni saqlash tizimi aholining salomatligiga, jamiyatimizning ijtimoiy kayfiyatiga, xalqning davlatga, hukumatga bo‘lgan ishonchiga, hech shubhasiz, eng kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi sohadir. Shunday ekan, bu borada kamchilikka yo‘l qo‘yishga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Biz endi aholining dori-darmon bilan ta’minlanishi masalasi qay darajada amalga oshirilayotganini xonada o‘tirib, hisobotlardan emas, bevosita xalq bilan muloqot qilib bilishimiz, xalq bahosi orqali ishimiz natijasini ko‘rishimiz lozim.
Ta’kidlanganidek, olib borilayotgan monitoring ishlari dori-darmon ta’minoti va narxi masalasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar borligini ko‘rsatmoqda. Yig‘ilishda ushbu kamchiliklar aniq misollar asosida qayd etildi va mas’ullarga uni bartaraf etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir yakunida Prezidentimizning shu yil 17 iyulda qabul qilingan qarorida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha aniq muddatlar tayinlandi. Har bir xodim o‘z ishiga tahliliy tanqid ko‘zi bilan qarab, topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlashi, bunda xalq roziligi va inson manfaati yetakchi o‘ringa qo‘yilishi lozimligi ta’kidlandi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Axborot xizmati