Qaylig‘imning onasi
Onalarning oftob tafti
Milliy kinoda qaynona obrazi: oshirib yubormayapmizmi?
Qaynona deganda nega ko‘z o‘ngimizda “qamchisidan qon tomib turgan” ayol gavdalanadi?
Inson hayotida bir siymo borki, uni ko‘rganda kishining ko‘ngli oftobdek yorishadi. Uning bag‘rida har kim o‘zini bexavotir sezadi. Dunyoda hech bir shoir-yozuvchi yo‘qki, uning sha’niga maqtov so‘zlarini bitmagan bo‘lsa. Bu, shubhasiz, mehribon onalarimizdir.
Afsuski, bugun kinofilmlarimiz orqali o‘zbek onalarini salbiy bo‘yoqlarda tasvirlashga o‘rganib qoldik. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular eng yomon obrazlarda gavdalanmoqda. Ayniqsa, kinolarimizdagi qaynona obrazini ko‘rgan har qanday tomoshabin bir seskanib tushishi tayin. O‘ylanib qolasan kishi, nahotki, bugun onalarimiz o‘sha filmlarda namoyish etilganidek, qo‘pol, bachkana, g‘iybatchi, buzg‘unchi, oqibatsiz, bir so‘z bilan aytganda, mehrsiz insonlarga aylanib qolgan bo‘lsa?! Nazarimda, bunga sabab ular shunday bo‘lganidan emas, balki tanlangan mavzu aynan shunga qaratilganidan bo‘lsa kerak. Bir taniqli rejissyorimizga xorijda qatnashgan tadbirlarning birida kino tomoshabinlari, soha mutaxassislari tomonidan o‘zbek ayollari sha’niga e’tirozlar birdirilgan ekan. Sababini so‘raganda deyarli barcha o‘zbek filmlarida ayollar, ayniqsa, qaynonalarning salbiy obrazda gavdalantirilayotganini ta’kidlashgan.
Darhaqiqat, hadeb bir mavzuni targ‘ibot qilaverish insonlarni shunga ko‘nikishiga olib keladi. Eng achinarlisi bunday filmlar boshqa davlatlar xalqi orasida ham millatimizga nisbatan salbiy fikrlarning uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqda. Buni qarangki, ekranlarimiz orqali berilgan koreys, yapon kinofilmlarida buning aksini ko‘ramiz. Masalan, telekanallarimizda namoyish etilgan “Oshin” seriali sababli ko‘pchiligimizda yapon ayollariga nisbatan hurmatimiz ortgani aniq. Bu, albatta, o‘sha mamlakat kinoijodkorlarining yutug‘i hamdir. Chunki, badiiy filmlar orqali qilinayotgan milliy targ‘ibot odamlarda o‘sha yurtga bo‘lgan hurmat va qiziqishni orttiradi.
– Bugungi kunda kino san’atimizda haqiqiy o‘zbek ayoli timsoli gavdalangan filmlar yetishmaydi, – deydi taniqli dramaturg Rixsivoy Muhammadjonov. – Bizning o‘zbek ayollari ekrandagi kabi bachkana yoki qo‘pol emas. Ulardagi nafosat, iroda, did va farosatni o‘zga xalqlarga o‘rnak sifatida ko‘rsatsak arziydi. To‘g‘ri, balki shunday toifadagi ayollarimiz ham bordir. Ularga ham “oyna tutish” kerakdir. Biroq, shuni unutmaslik kerakki, kino san’ati hayotdagi ijtimoiy muammolarni ko‘rsatish bilan birga, millatning yuzi ham sanaladi. Avvalo bu san’at namunasidan butun dunyo bahramand bo‘lishini unutmaslik kerak. Kinoning maqsadi, eng avvalo, millatning g‘urur va sha’nini himoya qilish, uning o‘lmas qadriyatlarini, ma’naviyatini ko‘rsatishdan iboratdir. Afsuski, bugungi kunda milliy kino san’atimiz bundan yiroqlashib bormoqda. Qaynona obrazini ekranga olib chiqishdan avval uning ona, qolaversa, o‘zbek ayoli ekanligini unutmasligimiz lozim.
Bizda ham o‘rnak olsa arziydigan tarixiy ayol shaxslar yoki bugun ijtimoiy hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ibratli xotin-qizlarimiz talaygina. Oramizda farzandi, kelini, ularning baxti uchun ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirgan ijobiy fazilatli qaynonalar ko‘plab topiladi. Shuni faxr bilan aytishimiz kerakki, boshqa millat vakillari biz o‘zbeklarning oilaviy hayotimizga, qarindosh-urug‘larning bir-birlariga bo‘lgan mehr-oqibatiga havas bilan qaraydilar. Lekin keyingi paytda er-xotin, farzandlar, qarindosh-urug‘lar, qaynona va kelinlar o‘rtasidagi turli-tuman kelishmovchiliklarga maishiy mavzuda olinayotgan saviyasiz kinolarimiz ham ma’lum ma’noda sababchi bo‘lib qolmayaptimikan?
– Qaynonalikning ishi og‘ir, u sabr-toqatni talab qiladi, – deydi Feruza aya Qudratova. – Begona oilada o‘sgan qizni o‘z oila a’zosi sifatida qabul qilish, uni o‘g‘li bilan baxtli-saodatli hayot kechirishi uchun qaynonadan mehr-oqibat va kechirimlilik fazilatlari talab qilinadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, keksalarimiz, “kelin olish oson, qaynona bo‘lish qiyin”, deyishgan. Asl qaynona o‘g‘li va uning oilasini baxtli hayot kechirishi uchun hech narsani ayamaydi. Kelinlar ham turmush o‘rtog‘iga itoatli, mehr-muhabbatli, ozoda, chaqqon, pazanda, shirinso‘z, turmushning bor-yo‘g‘iga sabr qilib, tejamkorlik fazilatlariga ega bo‘lsa, borgan xonadonida suyukli inson bo‘la oladilar.
Hadisi sharifda: “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, deyilgan. Ayrim rejissyorlarimizning shunday mo‘tabar zotlarga, ularning sha’niga nisbatan doimo noto‘g‘ri munosabatda bo‘layotgani unchalik ham to‘g‘ri ish emas, nazarimizda. Salbiy fe’l-atvorga ega qaynonalarni ibrat uchun ko‘rsatish kerak, albatta. Biroq mavzuga bir xil uslubda yondashaverish aks ta’sir qilishi mumkin. Agar ekranlarga ijobiy fazilatli, yaqinlariga har tomonlama o‘rnak bo‘la oladigan ona va qaynona obrazlarini olib chiqsak, shunda odamlarimizda bu mo‘tabar zotlarlarga nisbatan nafrat emas, aksincha yanada mehr tuyg‘usi uyg‘onar edi.
Mayna HASANOVA