Ko‘zgu ishtaha ochilishiga sabab bo‘ladi
Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, ko‘zgu qarshisida o‘tirgan paytda odamlar ko‘proq ovqat iste’mol qiladi. Bundan tashqari taom ularga mazaliroq tuyuladi. O‘z suratining ro‘parasida ovqatlanilgan vaqtda ham shunga o‘xshash holat kuzatiladi. Oldingi tadqiqotlar davomida odamlar yolg‘iz ovqatlanishdan ko‘ra, jamoa bilan ovqatlanishni afzal ko‘rishi aniqlangan edi. Balki, yuqoridagi holatlar ham aynan shu bilan bog‘liqdir, deb yozadi The Daily Mail nashri.
Yangi tadqiqot jarayonida 16 nafar sog‘lom ishtirokchi (o‘rtacha yosh – 68) va yana 16 nafar ishtirokchi (o‘rtacha yosh – 21) ko‘zgu yoki bo‘sh devor qarshisida popkorn yedilar. Shuningdek, 12 nafar keksa kishi bo‘sh devor yoki o‘zlarining suratlari ro‘parasida popkorn iste’mol qildi. Shundan so‘ng barcha ishtirokchi yegulik ularga qanchalik yoqqanini baholadi.
Yoshlarga ham, keksalarga ham popkorn ko‘zgu qarshisida yeyilgan paytda ko‘proq yoqqani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga ishtirokchilar popkornni sezilarli darajada ko‘proq yegani aniqlandi. Surat ro‘parasida ovqatlangan ishtirokchilarda ham xuddi shunday holat kuzatildi. Olimlarning fikricha, bu kashfiyot ko‘pincha yolg‘iz ovqatlanadigan keksalarga foyda berishi mumkin.
Mirjalol Madvaliyev tayyorladi.