2018 yil 1 yanvardan xususiy notariuslar ish boshlaydilar
Xususiy notariuslar 2018 yil 1 yanvardan faoliyat boshlaydi. Bu haqda “Xarakatlar strategiyasi” markazida o‘tkazilgan anjumanda ishtirok etgan adliya vaziri o‘rinbosari Anvar Usmonov ma’lum qildi.
Nodavlat notarial idoralari ish yuritishlari uchun amaldagi qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi talab etiladi. Hozirda bu borada ham tegishli takliflar ishlab chiqilmoqda. O‘zgartishlar loyihasi ishlab chiqilganidan keyin, u jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
Shuningdek, Adliya vazirligi vakili aholining notarial idoralarda uzoq navbat kutilishiga oid e’tirozlariga to‘xtaldi.
– Tahlil natijalari ko‘rsatdiki, notarial harakatlarning 43 foizi turli hujjatlarni tasdiqlash bilan bog‘liq. Amaliyotda 27 turdagi hujjat bo‘yicha notarial tasdiqlash talab etiladigan me’yor belgilangan. Biz hozir shu hujjatlarning barchasini inventarizatsiyadan o‘tkazdik va ularni majburiy notarial tasdiqlashdan chiqarish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritdik. Yana shunday hujjatlar ham bor, masalan, attestatlar, ta’lim muassasasini bitirganlagi to‘g‘risidagi diplomlar – ularning nusxalarini notarius emas, o‘sha hujjatni taqdim etgan muassasaning o‘zi ham tasdiqlab berish huquqiga ega. Mana shuni ham hisobga olish kerak. Shunda aholi notariuslarda navbat kutib qolmaydigan bo‘ladi,– dedi Anvar Usmonov.