Qabziyatni xalq tabobati usulida davolash

Noto‘g‘ri ovqatlanish (ko‘proq quyuq taomlarni iste’mol qilish, kam suyuqlik ichish, meva-sabzavotlar, sut va uning mahsulotlaridan oz tanovul etish) yoki irsiy ich qotishga moyillik sababli ham qabziyat rivojlanadi.

Bu xastalikda ichaklar peristaltikasi buziladi, ya’ni u “dangasa ichak”ka aylanadi. Odatda sog‘lom odam to‘g‘ri va sifatli ovqatlansa uning ichaklari har kuni bo‘shaladi. Qabziyatda esa bemorning ichi qotib, u 2-3 kunlab ham “bemalol yuraveradi”. Ammo bu holat juda zararli. Chunki, yo‘g‘on ichakda to‘plangan axlatning suyuq qismi ichak vorsinkalari orqali asta-sekin qonga so‘riladi. Tashqariga to‘g‘ri ichak orqali chiqib ketishi zarur bo‘lgan xiltlar, zararli moddalar, indol hamda skatol kabi zararli modda qaytadan moddalar almashinuvida ishtirok etadi. Bu esa o‘z navbatida xasta odamda bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, asabiylik, behollik kabi klinik belgilarni keltirib chiqaradi. Uzoq vaqt ich qotishi va undan so‘ng ichning bo‘shalishi to‘g‘ri ichakning shikastlanishiga va uning qonashiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, bemor kuchanganligi sababli orqa chiqaruv teshigi (anus)ning atrofida joylashgan gemorridial tugunlar yallig‘lanadi va bo‘rtib chiqadi. Natijada bemorda gemorroy (bavosil) xastaligi rivojlanadi. Yana tez-tez ich qotishi natijasida jigar zo‘riqadi. Chunki, bu a’zo organizmning filtri hisoblanadi. Qabziyat tufayli qonda zaharli va zararli moddalar ko‘payib ketadi. Ularni esa jigar tozalashga ulgurmaydi. Ushbu dardning kelib chiqishiga nafaqat noto‘g‘ri ovqatlanish, balki kam harakatli turmush tarzi hamda ko‘p o‘tirib ishlash ham sabab bo‘ladi.

Nahorda och qoringa sovutilgan suv ichish zarur. Unga bir choy qoshiq tabiiy asal solib ichsangiz yana ham yaxshi. Chunki, saharda ichilgan suv me’da-ichak tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Ichaklar peristaltikasi (harakati)ni kuchaytiradi. Yana duxovkada dimlab pishirilgan olma ham ichni yaxshi suradi. Kun davomida 3 yoki 5 dona shunday olma iste’mol qilish kifoya. Zaytun moyi ham qabziyatda shifobaxsh ta’sirga ega. Ertalab och qoringa 1 choy qoshiq zaytun moyi ichish ijobiy samara beradi. Ammo o‘t-pufagi qiyshaygan, o‘t suyuqligi quyuqlashgan yoki o‘t-tosh kasalligi mavjud bemorlarga moy ichish tavsiya etilmaydi.

Uyquga yotishdan 2-3 soat oldin qatiq ichish foydali. Yangi ivitilgan qatiq ichni suradi. Achigan va eski, qatiq esa aksincha ichni qotiradi. Shuningdek, dorixonalarda sotiladigan shifobaxsh giyoh “makkai sano” ham ichni yumshatib, suradi. Bu giyohdan 1 osh qoshiq olib, 200 ml. suvda past olovda 5 daqiqa qaynatiladi. Tindirilgan damlama suzib olinadi va 100 ml. dan yotishdan oldin ichiladi. Shuningdek, moychechak damlamasi ham yallig‘langan ichaklarga shifobaxsh ta’sir etadi. Chunki, ich qotganda ichaklarning yallig‘lanishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Yana bu damlama ichaklarning tortishib og‘rishini ham bartaraf etadi. Meva-sabzavotlardan dimlama tayyorlab iste’mol qiling. Qaynatilgan sabzi va lavlagi, so‘ligan olxo‘ri (uning qoqisini ivitib yeyish mumkin), yogurt, kefir va manniy, tariq, suli bo‘tqalarini tanovul etish, shuningdek, sabzi va oshqovoq sharbatini ichish ham qabziyatdan xalos etadi. Bug‘doy kepagi (bu mahsulot dorixona va oziq-ovqat do‘konlari hamda bozorlarda sotiladi)ni qatiqqa ivitib yoki bo‘tqalarga aralashtirib iste’mol qilsangiz ichaklarni toksin (zahar)lardan va xiltlardan tozalaydi. Shaftoli, o‘rik, anjir kabi mevalar, ivitilgan turshak va uning sharbati, kivi, olxo‘ri ham me’da-ichak tizimi faoliyatiga samarali ta’sir etadi.

Yana o‘qing:  QON BOSIMI NEGA PASAYADI?

(Davomi bor)

Gulchehra ShIRINOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: