Oila – saodatbaxsh bog‘
erkaklar bu go‘shaning chin bog‘bonlaridir
Nikoh nafaqat oila rishtasini bog‘lovchi vosita, balki davlat va jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi tuzilma hamdir. Chunki oilalar mustahkamligi jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Oila mustahkam bo‘lishida, ayniqsa, erkaklar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanadi. Chunki uning gardanida oila sha’niga dog‘ tushirmaslik, yigitlik, otalik burchi, mas’uliyatini to‘la anglash, hayotda uchraydigan qiyinchiliklar, muammolarga bepisandlik bilan qaramaslik, axloqda yengiltaklikka moyil bo‘lmaslik, ro‘zg‘or yumushlarida ayolni yakkalab qo‘ymaslik kabi vazifalar turadi. Bular erkakdan juda katta kuch, xohish-iroda, mehnat va kerak bo‘lsa, jasoratni talab etadi.
O‘zbek erkagining belida belbog‘i, dilida ori bor. Ayolining xursandchiligi, bolalari, nabiralarining “dadajon”, “bobojon” deya erkalanishi dunyo shodligini bag‘ishlaydi unga.
Ammo onda-sonda bo‘lsa ham erkaklik sha’niga dog‘ tushayotgan holatlarga duch kelib, yuraklarimiz zirqiraydi. Oilada o‘z mas’uliyatini unutib qo‘yganlari ham bor haqiqat. Ba’zi kuchli jins vakillari bola boqishni or sanamaydilar-u, maktabda o‘tkazilayotgan ota-onalar majlisiga borishga go‘yoki nomus qiladilar. Ayrim erkaklar cho‘ntaklariga pul kirdimi, o‘zlarini yo‘qotadilar, “akang qarag‘ay” deb bugun ichkilikka, ertaga giyohvandlikka beriladi va boshqa yo‘llarga kiradi.
Abu Homid Fazzoliyning “Mukoshafat-ul qulub” asarida erning xotindagi haqlari haqida fikr yuritilib, xotinning odob qoidalariga amal qilib, oila sirlarini saqlashi, or-nomusi va sha’nini pok tutishi, nozarur narsani talab qilmasligi, erning harom topish-tutishiga sabab bo‘lmasligi alohida ta’kidlanadi.
Endi ayni zamon ayollarining erlari oldidagi ana shu holatlarga munosabatini bir ko‘z oldingizga keltiring-a? Ularning ayrimlari o‘zbekona kiyinishni didsizlikka, zamondan orqada qolishga yo‘yishadi. Eng yomoni, erkaklar ham bu “madaniyat”ga beparvo qaray boshlagan.
Muxtasar aytganda, oila – saodatbaxsh maskan, jamiyatning duru gavhari. Tarixan qadrlangan, mustaqillik bois yanada e’zoz topgan o‘zbek oilasining baxt-saodati, inoqlik va mehribonlikda umr kechirishi har qanday tahsinga, havasga loyiq. Buni oila qurish ostonasida turgan yosh o‘g‘il-qizlarimiz chuqur anglab yetmog‘i darkor.
Qurbon EGAMBERDIYEV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi