Xotira – muqaddas
O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan «Insonni qadrlash – aziz qadriyat» mavzusida ma’rifiy xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Unda uzoq yillar adabiyot, san’at, fan va boshqa sohalarda faoliyat yuritgan va hozirda sidqidildan xizmat vazifasini munosib bajarayotgan ayollar bilan bir piyola choy ustida bayram nishonlandi. Bu ezgu odat ayol zotini naqadar ulug‘lashimizning yana bir namunasidir. Chunki, ayol kim bo‘lmasin, hamisha qadrlanishga, e’zozga munosibdir.
Tadbirda yurtimizning turli korxona va tashkilotlarida mehnat qilayotgan 24 nafar ishchi ayollarga, ehtiyojmand oila vakillariga sanatoriylarda dam olishlari uchun homiylar tomonidan imtiyozli yo‘llanmalar hamda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining tashakkurnomalari topshirildi.
Shuningdek, poytaxtimizdagi ayollar ruhiy shifoxonasiga homiylik yordami ko‘rsatish maqsadida zaruriy anjomlar olib berish rejalashtirilganligi qayd etildi.
Ayniqsa, tadbirda gimnastikachi qizlarning chiqishi, san’atkorlarning kuy va qo‘shiqlari barchaning qalbiga xushnudlik baxsh etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Basitxanova ishtirok etdi.
M. QURBONBOYEVA