500 sportchi ishtirokidagi Osiyo chempionati yakunlandi
Poytaxtimizdagi «O‘zbekiston» sport majmuasida sambo bo‘yicha kattalar, yoshlar, o‘smirlar va xotin-qizlar o‘rtasidagi Osiyo ochiq chempionatida yigirmadan ziyod davlatdan besh yuzga yaqin sportchi sambo va jangovar sambo bo‘yicha g‘oliblik uchun kurashdi.
Mazkur musobaqaning ochilish marosimida mamlakatimizda barcha sport turlari qatori sambo ham jadal rivojlanayotgani ta’kidlandi. Ko‘plab xalqaro miqyosdagi musobaqalarda shohsupaga ko‘tarilayotgan hamyurtlarimiz safi kengaymoqda.
Terma jamoamiz bosh murabbiyi Roman Shokirovning aytishicha, bu yilgi musobaqada yetmishga yaqin sambo ustasi Vatanimiz sharafini himoya qilmoqda. Ular orasida jahon va qit’a chempionatlari g‘olib va sovrindorlari bilan birga iqtidorli yosh polvonlar ham bor.
Chempionatning keskin va murosasiz sh’tgan bahslarida sportchilarimizdan Parviz Halimov, Firdavs Hojimatov, Ulug‘bek Rahmonov, Tolmas To‘qliyev, Zafar Olloberganov, Sanjar Ne’matov, Mironshoh Sultonov, Nurmuhammad Begaliyev, To‘rabek Ismoilov, Gulmira Ismatova, Klara Darmonboyeva, Jasurbek Mahmatqulov, Nilufar Rahmonova, Musharraf Ibodullayeva, Sumgul Ro‘zimboyeva oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Oybek Usmonov, Malika Qahhorova, Komila Nurova, Gulchehra Mamanova, Malikabonu Mirzayeva, Hamida Olimova, Maftuna Ergasheva, Rinata Ilmatova kumush medal bilan taqdirlandi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Ulug‘bek Hakimov, Ahmadjon Islomov, Alim Mirtazoqulov, Zoir Samikov, Rahmatjon Ahmedov, Nuriddin Tilavoldiyev, Akobir Hasanov, Shahzod Ibragimov, Dilorom Zikrillayeva, Shahzoda Valiyeva, Maftuna Esonova shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy egalladi.
N.NORBOBOYEV