Mo‘ynoqqa toza ichimlik suvi bordi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Mo‘ynoq tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muammosini hal qilishga qaratilgan Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq ichimlik suvi tarmog‘i qurilishi loyihasining boshlanishiga tamal toshi qo‘ygan edi.
Oradan rosa 5 oy o‘tib, 101 kilometr uzunlikda quvur yotqizilib, tuman aholisi uchun toza ichimlik suvi yetkazib berildi. Inshootning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida aholi, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizning turmush farovonligini yuksaltirish, yashash sharoitlarini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan mazkur bunyodkorlik ishlariga 26,6 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Qurilish-montaj ishlari bosh pudratchi – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “SPMS” maxsus ko‘chma mexanizatsiyalashgan stansiya quruvchilari tomonidan amalga oshirildi.
Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayramiga munosib sovg‘a bo‘lgan ushbu inshootning ishga tushirilishi natijasida bir sutkada 7 ming kub metr suv uzatish va 25 mingdan ziyod aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.
– Toza ichimlik suvi hudud aholisining ko‘p yillik orzusi edi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Mo‘ynoq tumani bo‘limi boshlig‘i Jangaboy Jusipov. – Shu paytgacha aholi Amudaryo yoki yer osti suvidan foydalanib kelar edi. Xalqimiz turmush sharoitini yanada yaxshilash borasidagi bunday ulkan bunyodkorlik ishlari mustaqilligimiz sharofati va Prezidentimiz rahnamoligida inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan oqilona siyosat samarasidir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 18 yanvardagi “2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida nafaqat tuman markazi, balki chekka ovullardagi aholini ham sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Xususan, “Nukus, Beruniy, Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot va Qorao‘zak tumanlarining suv ta’minoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiyalash” loyihasi doirasida buyurtmachi O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi va Osiyo taraqqiyot bankining moliyaviy ko‘magida Mo‘ynoq tumanidagi 6 aholi punktida yashovchi aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. “Mo‘ynoq-Uchsoy” suv tarmog‘i yana 1,51 kilometr uzaytirilib, olis ovul aholisiga sifatli ichimlik suvi yetib boradi.
Prezidentimizning joriy yil 28 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va bandlikni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tumanda 72 loyiha amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bugungi kunda 36 loyiha ijrosi doirasida 200 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari O.Ramatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Yerniyazov so‘zga chiqdi.
Aminboy Ortiqboyev,
O‘zA