Mening pochtachi jo‘ram

Umrning o‘tib ketgan bebaho lahzalarini, payti kelib, tillo berib ham topolmaysan, der edi bobom. Bu so‘zning naqadar qadrliligini yillar o‘tib borgan sayin fahmlayapman. Bolalik chog‘larimda xotiramda muhrlanib qolgan Mustafoqul ismli qo‘ng‘ir otli pochtachi jo‘ram bo‘lardi. Yoshi otamdan-da kattaroq u odamga nega bu qadar mehrim toblanganligini hanuzgacha anglayolmayman. Ostida salobatli qo‘ng‘ir ot, xurjunining ikki ko‘zi to‘la gazeta-jurnal har bir xonadon eshigi oldida ot qadamini sekinlatadi. Mustafoqul ota daftarini ochib, ko‘z yugurtiradi. Ha, bu tarix fanidan dars bergich Sarmesov domla xonadoni u dunyoning barcha axborotlaridan xabardor odam. Juda ko‘p kitob va gazeta o‘qiydi. Dunyoning qaysi burchagida nima bo‘layotganidan ilk bor Sarmesov domla xabar topadi. Shuning uchun ham gazetaning ko‘pini u oladi. Hozir ham bir quchoq gazeta oldi. Uning uyidan ikki uy nari Shahron chavandozning xonadoni. Uni biz tomonlarda hamma taniydi. Nomi chiqqan mashhur chavandoz. U uloqqa kirganda jonini garovga qo‘yib bo‘lsada g‘olib chiqishni o‘ylaydi.

U g‘irt savodsiz odam. Pochtachi jo‘ram uning eshigi oldida ham sekin to‘xtaydi. Shahron chavandoz gazeta o‘qiyolmasa ham bir-ikkita gazetaga obuna bo‘lib qo‘ygandi.

– Goho olov yoqish uchun bir parcha qog‘ozga zoriqamiz, – deydi. U ilmning taftida isinishni xush ko‘radigan odam…

Mana bu bizning uyimiz, jo‘ramning keladigan vaqtini bilganim bois, yo‘lning bir chetida uning kelishini poylab o‘tiribman. Otam kitobxon odam bo‘lgani bois, juda ko‘p gazeta-jurnalga obuna bo‘lgan. Ayniqsa, menga panshaxali “Mushtum” jurnali yoqadi. Uning ichidagi suratlarni maroq bilan tomosha qilaman. Pochtachi jo‘ram xurjundan bir dasta gazet va jurnalni qo‘limga tutqizadi. Negadir uning xurjunidan ko‘zimni uzmay turaveraman. So‘ng jo‘ramdan yana bittagina jurnal berishini iltimos qilaman. U hech ikkilanmay, isi nondek anqib turgan “Guliston” jurnalini qo‘limga tutadi. Keyin otining jilovini bo‘shatadi. Qo‘shnimizning o‘g‘li Baxtiyor mening harakatlarimni kuzatib turgani uchun u ham pochtachidan jurnal so‘raydi. Negadir jo‘ram o‘zini eshitmaganga olib ketaveradi.

– Axir bunga berdingizku? – deydi Baxtiyor darg‘azab bo‘lib.

Pochtachi mamnun jilmayib:

– U mening jo‘ram bo‘ladi, – deydi…

Oradan yillar o‘tdi. Mening Mustafoqul jo‘ram nafaqaga chiqib, qishlog‘imizdan olislarga ko‘chib ketdi. Men uni boshqa ko‘rmadim. Qishlog‘imizda hamma uni yaxshi ko‘rardi. O‘ziyam juda beozor odam edi…

Yana o‘qing:  Sovg‘a (hikoya)

Keyin ancha payt qishloqda otam pochtalonlik qildi. Endi barcha gazeta-jurnallar biznikiga keladigan bo‘ldi. Butun boshli oila uni taxlash bilan andarmon bo‘lardi. Otam otda, biz akam bilan ikkita hangida xurjunlarga to‘ldirib gazeta-jurnal solamiz-da, uni tarqatish uchun qishloq oralaymiz. Har bir xonadonga matbuot kirib boradi. Mening zimmamga ko‘proq “Sharq yulduzi” jurnalini tarqatish tushardi. Uni tarqatish nihoyatda qiyin, zalvorli. Jurnaldan eshagim ham inqillab yuradi. Har kuni ahvol shu. Oilada maosh oladigan birgina otamga butun boshli oila a’zolarimiz ko‘maklashadi. Boshida ikkita qishloqqa gazeta tarqatardik. So‘ng mas’uliyatimiz oshib, to‘rtta qishloqni zabt etdik. “Hash-pash” degunimizcha oradan yetti yil o‘tdi. Biz o‘z kasbimizning ustasiga aylandik…

Bir kuni otam uyga kayfiyatsiz kirib keldi. “Sariosiyo haqiqati” gazetasida “Yalqov pochtalon” sarlavhasi ostida otamni tanqid qilishibdi. Maqola muallifi oddiy bir traktorchi. Emishki, biz gazetalarni o‘z vaqtida egalari qo‘liga yetqazib bermas ekanmiz. Otam qattiq ranjidi. Biz ko‘makchilarning ham ko‘nglimiz xufton bo‘ldi. Tinimsiz “Sharq yulduzi” jurnali tashigan eshagimga achindim. Bor-yo‘g‘i 70 so‘m maosh uchun oiladan yetti-sakkiz kishi sarson-sargardon yuramiz. Mana uning bergan hosili, xizmatimiz suvga oqdi. Rahmat o‘rniga…

– Kerak emas ishi, – dedi otam asabiylashib, – ertaning o‘zida arizamni yozib beraman. Kimgadir o‘rnim kerak bo‘lgani uchun bo‘hton qilishibdi. Biz hammamiz mulzam bo‘lib qoldik. Har kuni xonadonimizda o‘zining turfa xil rangi, tusi, isi bilan jilolanib keladigan gazeta va jurnallarning birdan izi o‘chdi. Otamning aytgan so‘zi chin chiqdi. Uning o‘rniga pochtachi bo‘lgan odam otamni yomonlagan yozuvchining og‘aynisi edi. O‘shanda ilk bor mitti qo‘lchalarim mushtga aylandi. Ikki yil sabr qildim. Yangi pochtachining yangi sirlari ochildi. U ko‘pincha gazeta-jurnallarni uy egasini xabardor qilmay ko‘cha eshigi oldida tashlab ketaverardi. Natijada gazetaxonlar ko‘zini shamg‘alat qilgan ochofat mollarga xudo beradi. Ikki yamlab, yutib qo‘yadi.

O‘shanda 7-sinfda o‘qib yurgan kezlarim edi. Ilk bor qo‘limga qalam olib, “Sariosiyo haqiqati” gazetasidan haqiqat so‘radim. Otamga nohaqlik qilganlarga, haqiqatni eslatdim. Ularning o‘zlari mas’uliyatsiz ekanligini oshkor qildim. “Bilmasangiz, bilib qo‘ying!” nomli maqolam gazeta yuzini ko‘rdi. Maqolamni o‘qib, ichiga o‘t tushgan pochtachi mening kimligimni bilmay, rosa qidiribdi. Birdan nomim tilga tushdi. Pochtalon men haqimda yomon so‘zlar aytibdi. Eshitib, ancha vaqtgacha undan qochib yurdim. So‘zning zalvorini, pochtachilarga ham yengil tutib bo‘lmasligini o‘shanda bilgandim.

Yana o‘qing:  Korrupsiya – rivojlanishga to‘siq

Bugun esa o‘zim ham gazetalar olamiga sho‘ng‘ib ishlayapman. Tez-tez matbuotlarda chiqish qilib turaman. Maqolam chop etilgan gazeta va jurnallarni qidirishga tushgan chog‘imda bolalikdagi pochtachi jo‘ram yodimga tushadi. Pochtalon otamning har bir nashrni avaylabgina taxlab, o‘quvchiga yetkazishlarini eslayman. “Sharq yulduzi” jurnalini tashishdan armonim qolmay, hangini yo‘rg‘alatib yurganlarim yodimga tushadi…

U kun “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida maqolam chiqqanini eshitib, gazeta sotadigan do‘konga yugurdim. Do‘konchi yelkasini qisib dedi:

– Sotuvga kelmayapti.

Keyin yana bir necha do‘konlarni qidirdim. Hech yerda yo‘q. Oxiri Milliy teatr yonidagi gazeta do‘konidan topdim. Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur tumani bo‘yicha bitta adabiyot gazetasi topilmaganiga hayron qoldim. Nega shunday? Har bir tumanda qanchadan-qancha adabiyot va san’atga daxldor kishi bor. Ular nahot gazeta o‘qimaydi? Adabiyot o‘qituvchilari-chi? Hech bo‘lmasa ular ham, yuqorida nomini tilga olganim savodi yo‘q Shahron chovandozdek ilmning taftida ilinish uchun bittagina gazeta olishsa yomon bo‘lmasdi. Balki bugun matbuot, odamlar dilidagini chiqarib berolmayotgandir.

U kun qishlog‘imga bordim. Umri dalalar quchog‘ida kechgan do‘stim Safar Rajabovni uchratdim. U hanuz dalani tark etmabdi. Qishloq hayotidan zavqlanib gapirdi. Uning beg‘ubor dunyosini “Qishloq hayoti” gazetasiga yozmoqchi bo‘ldim. Yozdim, so‘z yuragimdan quyulib keldi. Maqolamni olib, gazetaga chopdim…

Bugungi kun o‘quvchisini hayratlantirish qiyin. Ular bir xillikdan charchadi. Negadir ko‘pgina nashrlar bir-biriga taqlid qilishyapti. Ovozi yo‘q gazeta ko‘paydi.

Ko‘plarining qamrovi past. Shuning uchun dong‘i chiqmaydi. Ijodkorlarimiz voqeani hayotdanmas, internetdan ko‘chirishga o‘rgandi. Ularga rahmim keladi. Qo‘rqmay birovlarning so‘zi ostiga o‘z ismini qo‘yadi. Maqsad “qalam haqi” olishi kerak. Hayot o‘zining rang-barangligi bilan kundan-kun jilolanib borayapti. To‘qson bilan yuzlashgan Nosirxon ota qirda yaratgan behisob lalmi bog‘lari tomon ko‘z tikib, yuqoriga ko‘tarilyapti. Kimdir Farhoddek daryolar yo‘lini ochib, suv keltirmoqda. Eski ketmonlarning huzurbaxsh navosi nihollarga jon bag‘ishlayapti. Shahar va qishloqlarimiz kundan-kun zahmatkash elimiz mehnati ila obod bo‘lib boryapti. Biz ijodkorlar so‘zni nondek qadrlaydigan elimizning bebaho xizmatini ifodalaydigan asarlar yaratishimiz kerak…

– Uka “Onamizni yig‘latgan kitob” nomli maqolamni o‘qidingmi? – deya so‘rayman ukam Jabbordan.

– Qaysi gazetada? – deydi u.

Yana o‘qing:  Kuygan non hikoyasi

– “Kitob dunyosi”da. Ukamning dami ichiga tushadi. Bir zum o‘ylab, deydi:

– Aka “Hordiq”qa yozing. Biz tomonlarga siz chiqadigan gazetalarning ko‘pi kelmaydi. Qidirib esimiz ketadi. Tumanimiz markazida bir joyda “Hordiq” va “Darakchi” gazetasi sotadigan xola bor…

Ko‘z oldimda beixtiyor bolalikdagi qo‘ng‘ir otli pochtachi jo‘ram namoyon bo‘ladi. Uning xurjunidagi rang-barang gazeta-jurnallarning isi dimog‘imni qitiqlaydi. Otamning “sen o‘zing aqlli bolasan, buni egalariga avaylabgina yetqazgin” deya xurjunimga to‘ldirib bergan “Sharq yulduzi” jurnalining zalvorini hanuzgacha unutolmayman. Qani har bitta qishloqda bittagina gazeta do‘koni ochilsa-yu, uning ichi gazeta-jurnallardan to‘lib tursa. Mening olis qishloqdagi ukam Jabbor maza qilib gazeta o‘qisa, uning savobiga nima yetsin!

AXTAMQULI

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: