Vengriya o‘zbekistonlik talabalar uchun yiliga 30 ta stipendiya ajratishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston va Vengriya TIV rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi masalalarni muhokama qilishdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Davlatlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, biznes hamjamiyati, ilmiy doiralar, ta’lim muassasalari vakillari, madaniyat va san’at faollari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda moliya, qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va ta’lim sohalarida istiqbolli qo‘shma loyihalar amaliy jihatdan muhokama qilindi. Xususan, Vengriya tomoni o‘zbekistonlik talabalar ta’lim olishlari uchun yiliga 30 ta stipendiya ajratishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Toshkent ochiladigan Vengriya elchixonasi ikki tomonlama aloqalarni tizimli asosda mustahkamlash va ko‘p qirrali tus berishga imkon yaratishi qayd etildi.
Muzokaralar yakunlanganidan so‘ng O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan Vengriya Inson resurslari vazirligi o‘rtasida 2017-2020-yillarga mo‘ljallangan sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim vazirlar tomonidan imzolandi. Tadbirlarda Vengriya Elchisi Peter Santo ishtirok etdi.