Oltmishdagi ola aql

Odamzotning tabiati qiziq. O‘zi boshdan-oyoq loyga belanganlar nimagadir boshqalarni ham bulg‘ashni istashadi. Yoki qadamida qin­g‘irligi bor kishi hammani o‘zidek biladi.

Xizmat taqozosi bilan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda bo‘lishga to‘g‘ri keldi. Oltmish yoshni qoralayotgan amaki sud kotibasiga tinimsiz o‘shqirar, “Nega mening ishimni bitirmading? Tegishli joyga yozaman!” deb do‘q urardi. Yaqindagina yuridik kollejni tamomlab kelgan qizgina nima qilarini bilmay, “Sudyamiz qabuldalar. Hozir fuqarolar murojaati bilan ishlayaptilar, chiqqanlari hamon…”, deya yupatish bilan ovora. Amakining ovozi tobora ko‘tarilib, shu darajaga yetdiki, sud binosi u kishining “ijro”sidan jaranglay boshladi. Shu payt yoshi kattaroq boshqa xodim kelib, “Aka, tushuning sud idorasi davlat qonunlarining amaldagi ijrosini ta’minlashga hissa qo‘shib, siyosatning kuchini oshiradigan tashkilot. Yaxshilab o‘ylab, keyin har qancha noroziligingiz bo‘lsa, xotirjamlik bilan menga ayting, kechagina ish boshlagan nevarangiz tengi qizga dag‘dag‘a qilmay…”.

Xodimning sipolik bilan qilgan tushuntirishidan amaki battar tutoqdi. “Aliment olayotgan bo‘lsam, o‘z qizim bilan o‘g‘limdan olyapman. Ajrashayotgan bo‘lsam, to‘kilib qolay deyotgan kampirdan qutulyapman. Sizga nima?..”. Ma’lum bo‘lishicha, yozuvchi amaki shu yoshida qizi qatori juvonga uylanib, xotini bilan ajarashayotgan, kamiga voyaga yetgan farzandlaridan aliment talab qilayotgan ekan… Eh odamzod-a?!

* * *

Yozdagi rohatijon ­— muzqaymoqxo‘rlik ko‘pchilikning sevimli mashg‘uloti. Bolalarim bilan bog‘chadan qaytar paytda biz ham muzqaymoqxonaga birrov kirib o‘tish odatimiz bor. Odam ko‘p, joy kam. Yolg‘iz o‘tirgan ayoldan ruxsat so‘rab, uning stolidan joy oldik. Yonimizdagi stolda 30-40 yoshlardagi uch-to‘rt erkak o‘tirardi. Qayerda ekanliklarini unutib qo‘yishgan chog‘i, bir payt o‘tgan-ketganga gap tashlab, bema’ni hazil-huzullari bilan atrofdagilarning g‘ashini keltira boshlashdi. “Shularni ham odam tarbiya qilganmikin?”, dedi haligi ayol. “Bularning o‘zlari-chi? Odam tarbiyalasha olisharmikan?” degan o‘y o‘tdi mening ko‘nglimdan. Erkaklarning qiyshanglashiga odatlanmagan bolajonimning ko‘zlari ularga hayvonot bog‘idagi jonli eksponatni tomosha qilgani singari qadalib qoldi. “Yomonga yaqin yursang…” degan hikmat yodimga keldi-yu, zudlik bilan ­muzqaymoqxonani tark etdik.

* * *

Biz bugun farzandlar tarbiyasini to‘lig‘icha onalarning yumushi degan tushunchaga ko‘nikib qoldik. Biroq ijtimoiy hayotdagi ayrim sahnalar millat bolalariga (u xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin) ota tarbiyasi, e’tibori yetishmayotganini ko‘rsatmoqda.

Yana o‘qing:  Tugma

Farzandini chin ma’nodagi inson, ruhiyati butun, qalbi mehru saxovatga limmo-lim bo‘lishini istagan aziz ota-onalar! Bolangizdan e’tiboringizni ayamang, mehringizni darig‘ tutmang! Zero, tunning kuni bo‘lgani kabi, bu rag‘batlarga javob ham shunga yarasha bo‘ladi. Xalqimiz bejiz Yaratgandan qarilikdagi mashaqqatdan omon saqlashni so‘ramaydi.

Dildora RAHMONOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: