Termizda Islom Karimov nomidagi texnika universiteti tashkil qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘grisida» 2017 yil 20 apreldagi qaroriga muvofiq Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti rasmiy saytida e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
– transport tizimlari va yo‘llari hamda ularning ekspluatatsiyasi, kimyoviy texnologiya, bino va inshootlar qurilishi va materiallari, oziq-ovqat texnologiyasi, texnologik mashina va jihozlar, yengil sanoat texnologiyasi, ekologiya va sanoat xavfsizligi sohalarida yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
– iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning ilmiy-texnologik vazifalarini hal etishga, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni sinab ko‘rish va joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish va ishlanmalarni amalga oshirish;
– xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarining tajribasini va mamlakat iqtisodiyoti talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli muhandislik-texnik va ishlab chiqarish yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklar bo‘yicha ilmiy-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqish;
– qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-ta’lim jarayoniga chet ellik mutaxassislarni jalb etish maqsadida texnika sohasidagi yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.
Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialiga har yilgi talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanishi ta’kidlangan.
«2017 yil 1 sentyabrgacha Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialini tanlov asosida yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin; Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filialida o‘quv-metodik jarayonning tashkil etilishini ta’minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv adabiyotlari, zamonaviy o‘quv laboratoriya jihozlari va kompyuter texnikasi bilan ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin», — deyiladi prezident qarorida.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklatilgan.